Milliy terma jamoamizni ikki sinov kutmoqda
Xabaringiz bor, 22 mart kuni milliy terma jamoamiz Toshkentda, FIFA kunlaridan foydalangan holda o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga kirishgandi.
Yig‘in davomida vakillarimiz Gana va Iroq terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi ham oldindan rejalashtirilgan. Unga ko‘ra 26 mart kungi Ganaga qarshi o‘yin Namangandagi «Markaziy» stadionda, 29 martdagi Iroq bilan esa Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida o‘tkazilishi belgilangan. Har ikkala uchrashuv ham soat 18:00da boshlanadi.
Vadim Abramov ustozligidagi murabbiylar shtabi yig‘inga 29 nafar futbolchini jalb etgandi. Biroq terma jamoaga chaqirilgan bir necha nafar futbolchi Superliga bahslarida o‘z klubi safida jarohat olganligi sababli, mazkur o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.
Eldorbek Suyunov, Yegor Krimets, Hojiakbar Alijonov, Lutfulla To‘rayev, Sardor Sobirxo‘jayev, Abrorbek Ismoilov, Temurxo‘ja Abduholiqov o‘rniga milliy jamoamiz safiga Iskandar Shayqulov («So‘g‘diyona»), Anzur Ismoilov («Paxtakor») va Javohir Qahramonov («So‘g‘diyona») jalb etildi.
Shuningdek, murabbiylar shtabida ham o‘zgarish ro‘y berdi. Endilikda yaqin o‘tmishning futbol yulduzi Anvar G‘ofurov yordamchi murabbiy sifatida Vadim Abramovga ko‘maklashadigan bo‘ldi.
Oybek YUNUSOV, O‘zA