Milliy san’atimizni xalqaro miqyosda targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadam
Milliy san’atimizning boy tarixi va o‘ziga xos xususiyatlarini xalqaro miqyosda qanday targ‘ib etish mumkin?
San’at asarlarini ilmiy o‘rganish, ularning badiiy va tarixiy qiymatini ochib berishda xorijiy mutaxassislar tajribasidan foydalanish qanday imkoniyatlar yaratadi? Ayni shu kabi savollar san’atshunoslik sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash zaruratini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik institutida Yaponiyaning Teiykyo (Teiykyo) universiteti delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Uchrashuv davomida San’atshunoslik instituti hamda Teikyo universiteti huzuridagi Madaniy meros ob’ektlarini tadqiq etish instituti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Yaponiya delegatsiyasi tarkibida Teiykyo universiteti prezidenti Yoshihito Okinaga, Madaniy meros ob’ektlarini tadqiq etish instituti direktori Kazuya Yamauchi, professor Akira Fujisava, dotsent Daisuke Sayegusa hamda xalqaro hamkorlik bo‘yicha mas’ul Taichi Osanai ishtirok etdi.
Muloqot davomida madaniy meros ob’ektlarini ilmiy tadqiq etish, arxeologiya va san’at tarixi sohalarida qo‘shma izlanishlar olib borish, tajriba almashish hamda Buyuk ipak yo‘lining boy madaniy merosini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu kelishuv qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, tadqiqotchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekiston madaniy merosini xalqaro miqyosda yanada chuqurroq o‘rganishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA