Milliy raqs san’ati bo‘yicha ijodiy muloqotlar
O‘zbekistonda milliy madaniyat va san’atni asrab-avaylash, uni xalqaro maydonda keng targ‘ib etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, milliy raqs san’atini dunyo xalqlariga tanitish, uning betakror uslubi va ma’naviy qimmatini keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilayotgan xalqaro ijodiy uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv milliy raqs san’ati, madaniy meros va xalqaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlanib, unda turli davlatlardan tashrif buyurgan taniqli mutaxassislar, olimlar va san’atkorlar ishtirok etdi. Tadbirda xalqaro miqyosda tanilgan xoreograf, raqs tadqiqotchisi va pedagog Sashar Zarif, AQSHning Merilend shtatida faoliyat yurituvchi mashhur raqs tadqiqotchisi, “Silk Road Dance Company” rahbari hamda “Women’s Dance Traditions of Uzbekistan” kitobi muallifi Laurel Viktoriya Gray xonim, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Yakutiya Respublikasidan kelgan musiqashunos va raqs mutaxassislari qatnashdi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Buxoro viloyati bo‘linmasining “Buxoro mavjlari” raqs ansambli tomonidan maxsus mahorat darslari tashkil etildi. Mahorat darslariga ansambl bosh baletmeysteri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Salomat Rahmonova rahbarlik qildi.
Darslar jarayonida ishtirokchilarga o‘zbek milliy raqs san’atining ko‘p asrlik tarixi, milliy raqs maktablarining o‘ziga xos xususiyatlari, ayniqsa, Buxoro raqs maktabining nafosati va jozibasi haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Buxoro raqsida mujassam bo‘lgan hayo-ibo, latofat, jo‘shqinlik, musiqiy uyg‘unlik va sahnaviy harakatlarning badiiy ifodasi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, “Buxoro mavjlari” ansambli tomonidan milliy raqslarga xos sahnaviy chiqishlar, nozik harakatlar va kompozitsion yechimlar namoyish etildi. Ayniqsa, Buxoro raqsiga xos qo‘l va tananing mayin harakatlari, milliy liboslar uyg‘unligi hamda musiqaning jonli ijrosi xorijlik mutaxassislarda katta taassurot qoldirdi. Ular o‘zbek milliy raqs san’atining yuksak madaniy qadriyat ekanini alohida e’tirof etdilar.
Bunday ijodiy muloqotlar nafaqat milliy san’atimizning xalqaro nufuzini oshirishga, balki turli xalqlar o‘rtasida madaniy yaqinlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda. Zero, san’at — millatlarni birlashtiruvchi, qalblarni yaqinlashtiruvchi beqiyos ma’naviy kuchdir.
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida o‘tkazilgan mazkur uchrashuv milliy raqs san’atimizning jahon madaniy makonida munosib o‘rin egallayotganini yana bir bor namoyon etdi. Milliy merosimizni asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish va xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish yo‘lida bunday tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri