Milliy merosga e’tibor
Mamlakatimizda milliy qadriyatlar, an’anaviy san’at va hunarmandchilikni asrab-avaylash hamda ularni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada xalq manfaatlarini ifoda etuvchi deputatlarning joylardagi faol ishtiroki, aholi bilan ochiq va samarali muloqotlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zLiDePdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratovaning bu yo‘nalishdagi amaliy faoliyati alohida e’tiborga loyiq. U tomonidan har oyning so‘nggi haftasida o‘tkaziladigan saylovchilar bilan uchrashuvlar davomida nafaqat fuqarolarni qiynayotgan muammolar o‘rganilmoqda, balki jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim tashabbuslar ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Jumladan, ana shunday muloqotlardan biri davomida fuqarolar tomonidan milliy san’atimizning ajralmas qismi bo‘lgan jirovchilikni rivojlantirish, uni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan muhim takliflar ilgari surildi. Mazkur tashabbusni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish maqsadida deputat tomonidan grant loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar berildi.
Xususan, “Art Karakalpakstan” madaniyat va san’atni rivojlantirish tashkiloti tomonidan “Ustaxona – milliy meros” loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha rahbari Gulmira Palo‘anovaning mazkur g‘oyasi deputat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, uni yanada takomillashtirish, grant mablag‘larini jalb etish hamda davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovida ishtirok etish bo‘yicha har tomonlama amaliy va uslubiy ko‘mak ko‘rsatildi.
Natijada ushbu tashabbus puxta ishlangan loyihaga aylantirilib, 2025-yilda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida g‘olib deb topildi. Bu esa deputatlarning joylardagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ularni aniq natijaga yo‘naltirish borasidagi samarali faoliyatining yorqin namunasidir.
Loyiha doirasida Nukus tumani “Aqmang‘it” hududida Markaziy Osiyo xalqlarining milliy musiqa asboblarini tayyorlashga ixtisoslashgan zamonaviy ustaxona barpo etilmoqda. Unda qo‘biz, dutor, chanqovuz, g‘ijjak kabi milliy cholg‘u asboblarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbusni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida 1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ayni paytda qurilish ishlari yakuniga yetkazilib, ustaxonani yaqin kunlarda foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.
Eng muhimi, ushbu loyiha nafaqat moddiy infratuzilmani yaratish, balki milliy san’atni asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish, yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda ularni zamonaviy kasb-hunarlarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda 30 nafardan ortiq professional jirov faoliyat yuritmoqda va yangi ustaxona ularning ijodiy faoliyatini yanada kengaytirish, yoshlar uchun mustahkam o‘quv-amaliy baza yaratish imkonini beradi.
Deputatning loyiha ijrosi bilan joyiga chiqqan holda tanishib, ustalar va quruvchilar bilan muloqot olib borayotgani parlament nazoratining amaliy ifodasi sifatida muhim ahamiyatga ega. Bu esa xalq vakillarining mas’uliyati va tashabbuskorligini yanada kuchaytirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, “Ustaxona – milliy meros” loyihasi deputat tashabbusi, jamoatchilik fikri va davlat qo‘llab-quvvatlovi uyg‘unligining yorqin namunasi bo‘lib, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ularni zamon talablari asosida rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.