Milliy manfaatlarimizni qat’iyat bilan himoya qilgan jurnalist
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida “Ahmadjon Muxtorov zamondoshlar xotirasida” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirga milliy media sohasining faxriylari, ustoz jurnalistlar, yosh ijodkorlar taklif etildi.
Milliy jurnalistikamiz ustozlar yaratgan betakror ijodiy maktab, ularning fidokorona va zahmatli mehnatiga tayanadi. Bu borada ustoz jurnalist, taniqli jamoat arbobi, mohir publitsist va tarjimon Ahmadjon Muxtorov o‘zbek matbuotida ulkan maktab yaratgan qalamkashlardan biri edi. U XX asrning 80-90 yillarida o‘zbek milliy matbuotining rivojlanishiga, ayniqsa, «Xalq so‘zi» gazetasining tashkil etilishi va ommalashishiga ulkan hissa qo‘shgan rahbarlardan biridir. Ustoz jurnalist hayot bo‘lganlarida bu yil to‘qsoninchi bahorni qarshi olgan bo‘lar edi.
[gallery-29384]
Aytish kerakki, Ahmadjon Muxtorov matbuot sohasida oddiy xodimlikdan respublika darajasidagi bosh muharrirlikkacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. “Zarafshon” gazetasida 1957-yilda mehnat faoliyatini musahhihlikdan (korrektorlikdan) boshlagan. Keyinchalik tarjimon, adabiy xodim, bo‘lim boshlig‘i, mas’ul kotib, bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishladi. 1973-1986-yillarda (13 yil davomida) ushbu gazetaning bosh muharriri sifatida Samarqand jurnalistika maktabini yaratdi.
Ustoz jurnalist «Qishloq haqiqati» va «Selskaya pravda» (1986-1990) gazetasida mehnat qildi. 1991-yildan boshlab “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida faoliyat olib bordi. Ustoz ijodkor Vatanimizning yangi tashkil etilgan nufuzli davlat nashrining birinchi bosh muharriri sifatida ish boshladi va qisqa muddatda gazetani chinakam xalq minbariga aylantirdi.
Adabiy anjumanda ustoz jurnalist Ahmadjon Muxtorov va uning samarali mehnat faoliyati, ijodi, ibrat va mahoratga yo‘g‘rilgan publitsistikasi, “Ahmadjon Muxtorov zamondoshlar xotirasida” kitobi haqida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov(suratlar),
O‘zA muxbirlari