Milliy liboslar orqali qadriyatlarimiz ulug‘landi
Yangiyer shahrida Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi shahar bo‘linmasi,Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filiali hamda qator hamkor tashkilotlar hamkorligida “Milliy liboslar — faxrimiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir va milliy liboslar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, urf-odat va an’analarni keng targ‘ib qilish, yoshlar qalbida milliy liboslarga nisbatan hurmat va faxr tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan mazkur tadbir yuqori saviyada tashkil etilib, ishtirokchilar xotirasida esda qolarli voqea sifatida muhrlandi.

Ko‘rgazmada mamlakatimizning turli hududlariga xos milliy liboslar, atlas va adras matolaridan tayyorlangan an’anaviy hamda zamonaviy kiyim namunalari, shuningdek, hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi. Ishtirokchilar milliy liboslarning tarixi, ularning ma’naviy-estetik ahamiyati va bugungi kundagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Tadbir davomida milliy qadriyatlarni ulug‘lash, yosh avlodni vatanparvarlik va milliy g‘urur ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Milliy liboslar xalqimizning boy madaniy merosi va o‘ziga xosligini ifoda etuvchi muhim ma’naviy qadriyat sifatida e’tirof etildi.
– Mazkur tadbir yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularda milliy o‘zlikni anglash va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Milliy liboslar xalqimizning asriy an’analari, madaniy merosi va estetik didi aks etgan bebaho qadriyatdir. Bunday tadbirlar orqali yoshlar o‘z tarixini chuqurroq anglaydi va uni zamonaviy talqinda namoyon etish imkoniga ega bo‘ladi, – dedi Filialning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Abdug‘aniyev.

Shuningdek, yaqinda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamkorligida o‘tkazilgan “Milliy Fashion Show” tanlovi ham yodga olindi. Ushbu tanlov oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida milliy liboslarni zamonaviy uslubda namoyon etish, yosh dizaynerlarni qo‘llab-quvvatlash va ijodiy salohiyatni yuzaga chiqarish maqsadida tashkil etilgan.

Yuqori saviyada o‘tgan tanlovda ishtirokchilar milliy liboslarni zamonaviy moda tendensiyalari bilan uyg‘unlashtirgan holda o‘z ijodiy ishlarini namoyish etdilar. Kuchli raqobat muhitida o‘tgan tanlov yakunlariga ko‘ra, 1-o‘rin Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali talabasi Yulduz Jomurodovaga, 2-o‘rin esa Guliston davlat universiteti talabasi Muxlisa Egaboyevaga nasib etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri