Milliy kutubxonada «Ochiq eshiklar kuni»
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Ochiq eshiklar kuni» haftaligi o‘tkazilmoqda.
«Kitob va mutolaa» haftaligi tarzida tashkil etilgan ushbu loyiha davomida o‘quvchi-yoshlar va talabalarga Milliy kutubxona imkoniyatlari, bu yerdagi yangiliklar, kitob fondidan foydalanish tartibi va boshqa imkoniyatlar haqida ma’lumot berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi tegishli qarori bilan 2026–2030-yillarda mamlakatimizda bir kishiga to‘g‘ri keladigan yillik mutolaa hajmini o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish strategik vazifa etib belgilandi. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Iqtidorli kitobxonlarni aniqlash maqsadida respublika miqyosida yirik ko‘rik-tanlovlar muntazam tashkil etilmoqda. Ularda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda yirik miqdordagi pul mukofotlari, ta’lim grantlari hamda mehnat jamoalarida qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish choralari ko‘rilmoqda.
Maktablarda har haftaning shanba kuni rasman «Kitobxonlik kuni» deb e’lon qilindi. Shuningdek, «Jadidlar izidan» tanlovi va «Noshirdan kitobxonga» yarmarkalarini tizimli yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Kitobxonlikni targ‘ib qilishda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi jamoasi ham faol hissa qo‘shib kelmoqda.
«Kitob va mutolaa» haftaligi doirasida poytaxtimizdagi bir qator oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun ziyo maskaniga maxsus ekskursiyalar uyushtirilmoqda. Shuningdek, kitobxonlik targ‘iboti bo‘yicha yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, muloqotlar hamda davra suhbatlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Milliy kutubxonada mazkur ma’rifiy loyiha doirasida «35-foydalanuvchi» aksiyasi ham amal qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hafta davomida kutubxonaga yangi a’zo bo‘lgan har 35-kitobxonga foydalanuvchi ID-kartasi bepul taqdim etiladi va kitob sovg‘a qilinadi.

Haftalik davomida nafaqat an’anaviy kitoblar, balki bugungi yoshlar uchun qulay bo‘lgan elektron va audiokitoblar ham keng namoyish etilmoqda. Bu esa kutubxonalarimiz zamon talablariga moslashib, raqamli imkoniyatlarini kengaytirib borayotganidan dalolat beradi.
Loyihaning dastlabki kunida rassom Xurshid Sattorov ijodiga bag‘ishlangan «Kuz ilhomlari» mavzusida rasmlar ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmada taqdim etilgan badiiy asarlar musavvir nigohi bilan ona-tabiat, borliq, yilning turfa fasllari va ob-havosiga nazar tashlash imkonini beradi. Asarlar tomoshabinni hayot, tiriklikning hikmati, uning mazmun-mohiyati haqida chuqur mushohada yuritishga undaydi.
Mazkur ma’rifiy haftalik mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, yoshlarni mutolaaga keng jalb etish va ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish yo‘lidagi muhim tadbirlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri