Milliy kutubxona ortidagi hudud: avtoturargohga ekologlardan e’tiroz
Milliy kutubxona ortidagi 1,3 gektar hudud taqdiri jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu yerda avtoturargoh tashkil etish va hududni obodonlashtirish rejalashtirilayotgani haqida ma’lumotlar tarqaldi.
Mazkur masalaga Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ham munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, hozircha ushbu loyiha bo‘yicha ekologik ekspertiza xulosasi mavjud emas.
Bu nimani anglatadi?
Gap hududni obodonlashtirish yoki avtoturargoh tashkil etish haqida emas. Agar rejalashtirilayotgan ishlar daraxt va butalarga, yashil maydonlarga yoki tuproq qoplamiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, bunday ishlar tegishli ekologik baholashdan o‘tkazilishi kerak. Shuning uchun hozircha mazkur hududda ekologik ekspertiza xulosasisiz qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish mumkin emas.
Tarqalayotgan ma’lumotlarda loyiha doirasida 1000 dan ortiq daraxt va buta ekish rejalashtirilgani qayd etilgan. Bir qarashda bu ekologik jihatdan ijobiy tashabbusdek ko‘rinishi mumkin. Ammo masalaning yana bir muhim tomoni bor. Yangi ko‘chat ekish mavjud ko‘p yillik daraxtlarning ekologik ahamiyatini to‘liq qoplay olmaydi. Chunki endigina ekiladigan ko‘chat bilan o‘nlab yillar davomida o‘sib, shakllangan daraxtning imkoniyati bir xil emas. Katta daraxt nafaqat yashillik, balki shahar muhitida soya, mikroiqlim, havo sifati va rekreatsiya uchun ham ahamiyatga ega. Shu bois “qancha daraxt kesilsa, shuncha yoki undan ko‘proq ko‘chat ekiladi” degan yondashuv mavjud ko‘p yillik daraxtlarning qiymatini to‘liq ifodalamasligi mumkin.
Milliy kutubxona ortidagi 1,3 gektar hududga oid masalada ekologlar e’tibor qaratayotgan yana bir jihat — shakllangan yashil maydon va tuproq qoplamini saqlash. Hududdagi daraxtlar va butalar yillar davomida muayyan ekologik muhitni shakllantirgan. Shuning uchun uni o‘zgartirish bilan bog‘liq har qanday loyiha nafaqat qurilish nuqtai nazaridan, balki uning atrof-muhitga ta’siri jihatidan ham baholanishi zarur. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi mavjud yashil maydonlar va daraxtlarni maksimal darajada saqlab qolish zarurligini ta’kidlamoqda.
Mavjud tartibga asosan, avvalo hududdagi mavjud daraxt va yashil maydonlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilishi kerak. Shuningdek, hududdagi mavjud daraxt va butalarning holati aniqlanishi, yashil maydonlarni maksimal darajada saqlab qolish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi, loyiha hujjatlari belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan o‘tkazilishi hamda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ishlar tegishli ekologik baholashdan keyin amalga oshirilishi lozim.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA