Milliy ko‘rgazmada 400 dan ortiq ijodiy ish namoyish etildi
O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish, har bir bola uchun teng imkoniyat va qulay ta’lim muhitini yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda UNICEF hamkorligida “Mening maktabim — har bir bola uchun” milliy ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekistonning barcha hududlaridan jamlangan rasmlar, hikoyalar, she’rlar, fotosuratlar va videolavhalar namoyish etilmoqda. Ularda bolalarning ta’limga bo‘lgan qarashlari hamda qulay va qo‘llab-quvvatlovchi ta’lim muhitiga oid orzu-intilishlari aks ettirilgan.

Tadbirning ochilish marosimida vazir o‘rinbosari Farhod Boqiyev ishtirok etib, inklyuziv ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan sharoitlar hamda kelgusi rejalar haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, mas’ullar tomonidan “Mening maktabim – har bir bola uchun” nomli ijodiy tanlov g‘oliblari ham taqdirlandi. 7 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar ishtirok etgan mazkur tanlovda 400 dan ortiq ishlar namoyish etilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, bugungi kunda yurtimizda 2365 ta maktab va 248 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida inklyuziv ta’lim joriy qilingan bo‘lib, unda 8 ming nafarga yaqin o‘quvchi hamda tarbiyalanuvchi qamrab olingan.
Ko‘rgazma namoyishi poytaxtimizdagi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida 14-iyunga qadar davom etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA