Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda
Poytaxtimizda o‘z ishini boshlagan uch kunlik onlayn seminarda O‘zbekistonning xotin-qizlarni rag‘batlantirish va himoya qilish borasidagi tajribasi taqdim etildi.
YeXHT Kotibiyati tomonidan tashkil etilgan mazkur seminar O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Mongoliya va Turkmaniston ekspertlari uchun o‘tkazilmoqda. Anjumanda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova ishtirok etdi va mamlakatimiz xotin-qizlarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va himoya qilish borasidagi tajribasi haqida ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda faol ishtirok etishlariga ko‘maklashish muhim ahamiyatga ega. Ayollarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish mamlakatimizning yanada tinch hamda farovon bo‘lishiga xizmat qiladi. Shu bois ham xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida O‘zbekistonda ayollar, tinchlik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda.
"Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" kun tartibini samarali amalga oshirishning vositalari va strategiyalari" mavzuidagi seminar doirasida Milliy harakatlar rejasi istiqbollari keng muhokama qilinmoqda. Shu ma’noda, tadbirga BMT Xavfsizlik kengashining 1325-Rezolyutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini yoki gender tenglik va xotin-qizlar huquqlari masalalari bo‘yicha boshqa milliy harakatlar rejalarini ishlab chiqish hamda tatbiq etishga mas’ul vazirlik va idoralar vakillari taklif etilgan.
Eng muhimi, seminarda YeXHTga a’zo davlatlarning BMT Xavfsizlik kengashi 1325-Rezolyutsiyasini implementatsiya qilish borasidagi tajribasi muhokama etildi. Bu mavzuda YeXHT Kotibiyatining gender masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Amarsan Darisuren so‘zga chiqdi. YeXHT Kotibiyatining vakili ayni sohada tegishli milliy harakatlar rejalari va strategiyalari ishlab chiqish masalasi juda muhim ekanini ta’kidladi.
N.Usmonova, O‘zA