Milliy armiyamiz uchun yetuk mutaxassislar
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 12 dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining ayrim ta’lim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, o‘quv va moddiy-texnik bazasi bilan birgalikda operativ boshqarish huquqi asosida Mudofaa vazirligi qabul qilib olgan edi.
Shu bois, 2019 yildan vazirlik tizimidagi mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazlari tashkil etilib, ularda milliy armiyamiz uchun eng zarur kadrlar, ya’ni chaqiruv yoshidagi yigitlar ta’lim olishi yo‘lga qo‘yilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Nukus shahrida joylashgan ana shunday markazda harbiy-texnik mutaxassisligi, ya’ni “V” va “S” toifali haydovchilar, “o‘qchi-oshpazlar” hamda “dizelchi-elektrik”larni tayyorlab kelmoqda. 2019 yildan bugungi kunga qadar Qurolli Kuchlar safiga jami 648 nafar tayyor mutaxassislar, shulardan, 274 nafar haydovchi, 222 nafar o‘qchi-oshpaz hamda 152 nafar dizelchi-elektriklar tayyorlanib, ularning barchasi muddatli harbiy xizmatga birinchilardan bo‘lib chaqirilgan.
[gallery-21205]
E’tiborlisi, bu dargohda ta’lim olgan yoshlarning 50 nafardan ziyodi armiyani o‘tab, harbiy xizmatda kontrakt bo‘yicha qolgan hamda oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishgan kirish baxtiga muyassar bo‘lgan.
Markazda yoshlarni ma’naviy-axloqiy hamda harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularga dastlabki harbiy saboqlarni o‘rgatish uchun endilikda ikkita o‘quv binodan iborat 15 ga yaqin nazariy mashg‘ulotlar xonasi, ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan hamda o‘qitilayotgan texnikalarning ichki mexanizmlari ish tartibini ko‘rsatuvchi o‘quv amaliyot binosi bunyod etildi.
Ta’kidlash joizki, markazda ta’lim olayotgan kursantlarning oziq-ovqat, kiyim-kechak va maishiy ta’minoti davlat byudjeti tomonidan qoplanadi. Har yili markaz 150 nafarga yaqin yoshga ta’lim-tarbiya berib, kasbga o‘qitadi hamda armiya saflariga tayyorlab beradi. Ta’lim jarayonida yoshlarga gumanitar-ijtimoiy, texnik hamda boshqa fanlar bilan bir qatorda dastlabki harbiy tayyorgarlik ham o‘qitiladi.
– Harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishim meni ushbu markazga yetakladi, – deydi Amudaryo tumanidan Diyorbek O‘razimbetov. – Ikki oydan buyon “V” va “S” toifali haydovchilar harbiy-texnik mutaxassisligi yo‘nalishida tahsil olmoqdaman. Markazda kursantlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Mazkur ta’lim muassasasini tamomlagan kursantlar birinchilar qatorida ta’lim olgan mutaxassisligi bo‘yicha muddatli harbiy xizmatga saralab olinadi. Muntazam o‘tkazilayotgan musobaqa va tanlovlar esa bo‘linmalarda sog‘lom, raqobatbardosh muhitni ta’minlab, yoshlarda yetakchilik qobiliyatining shakllanishiga hissa qo‘shmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA