Millatparvar olim
Ustozlarni sharaflaymiz
Respublika ilmiy jamoatchiligi falsafa fanlari doktori, professor Sa’dulla Otamurodovni millatimizning fidoyi farzandi sifatida yaxshi biladi. Ustoz samimiy do‘st va amaliyotchi olim bo‘lib, ellik yildirki, oliy o‘quv dargohida o‘g‘il-qizlarimizga gumanitar fanlardan saboq berib keladi.
Domlaning hayot yo‘li murakkab va mashaqqatli kechgan. U 1965-yili o‘rta maktabni tamomlab, 1965–1966-yillarda qishloqdagi 8 yillik maktabda pionerlarga yetakchilik qilgach, 1966–1971-yillarda hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti (o‘sha paytdagi ToshDU) tarix fakultetida tahsil oldi. 1971–1972-yillari tarix fakultetida o‘qituvchi bo‘lib ishladi. 1972– 1975-yilning dekabrigacha universitetning kunduzgi aspiranturasida o‘qidi. Aspiranturani tugatgandan keyin Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent politexnika institutiga katta o‘qituvchi lavozimida ishga yuborildi. 1978-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, sobiq ittifoqda taniqli olim va murabbiy professor H.G‘.Rasulov rahbarligida “Milliy ma’naviyatlarning baynalminallashuvi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Bu mavzuning murakkabligi shunda ediki, sobiq sho‘rolar davrida milliy ma’naviyat haqida fikr yuritish amaldagi siyosatga zid edi. Dissertatsiyada “baynalminallashuv” tushunchasini qo‘llash orqali milliy ma’naviyatlarni asrab qolish g‘oyasi ilgari surildi. Buni asoslash maqsadida “baynalminallashuv” faqat milliylikdagi eng ilg‘or zaminlar asosida shakllanadi”, degan konseptual g‘oya ishlab chiqildi.
Sa’dulla Otamurodov 1976–1988-yillarda A.R.Beruniy nomidagi Toshkent Politexnika institutiga (hozirgi TDTU) katta o‘qituvchi, dotsenti bo‘lib ishladi. 1988-yil oktabrdan Sobiq SSSR fanlar akademiyasining falsafa institutining etnologiya bo‘limiga doktoranturaga yuborildi. Bu institutda falsafa fanlari doktori, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor A.I.Doronchenkov ilmiy maslahatchiligida “Jamiyatni yangilash jarayonida milliy ma’naviyat va milliy o‘zlikni anglash (ijtimoiy-falsafiy aspekti)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ustida tadqiqotlar olib bordi. Dissertatsiya mavzusining qaltis jihati shunda ediki, bu davrda jar yoqasiga kelib qolgan tuzumni saqlab qolish uchun sobiq markazda turli tadbirlar ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq qilish harakatlari avj oldirilgan edi. Ammo, yetmish yilda majburlab ushlab turilgan millatlarning sabr-kosasi tugab bo‘lgandi. Ularning o‘zligini anglashi va o‘z zaminlariga intilishi kuchayib, o‘layotgan tuzumni saqlab qolishning hech qanday imkoniyatini qoldirmagan edi. Bu, o‘z navbatida, tuzumning qulashini tezlashtirdi. Mana shu jarayonni xolisona o‘rganib, milliy taraqqiyotning istiqbollari haqida konseptual g‘oyalar ishlab chiqish zarur edi. Shu ma’noda ham dissertatsiya bu davr uchun ilmiy yangilik bo‘lib, u sobiq SSSRda ikkinchi tadqiqot edi. Chunki, Sho‘rolar hukmronligi sharoitida bu mavzuda milliy kadrlarga tadqiqotlar olib borishga ruxsat berilmasdi. Sobiq markazdagi ilmiy tadqiqot institutlarida esa “yagona sovet xalqi”ning “yagona” ma’naviyatni shakllantirish zarurligi vazifa qilib belgilangan edi. Sa’dulla Otamurodov ustozining masalaga va yuzaga kelgan vaziyatga xolisona yondashganligi hisobiga shu mavzuda tadqiqot olib borishga muvaffaq bo‘lgandi. Muammo shunda ediki, bu davrda hali tuzum hayot edi. Shuning uchun sobiq markazda shu yo‘nalishda tadqiqotlar olib borayotgan olimlarning ko‘pchiligi hali tuzumni saqlab qolish va millatlarga bir qator erkinliklarni berib, ularning “birligini” saqlab qolishdan umidvor edilar. Shuning uchun milliy ma’naviyat va milliy o‘zlikning rivojlanishiga urg‘u berish xatarli, deb hisoblar edilar. Sa’dulla Otamurodovning ustozi bunday murakkab vaziyatda mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, uni qo‘llab-quvvatladi.
Bu davrda “millat” tushunchasiga xalqlarning buyuk “daho”si Iosif Stalin tomonidan berilgan ta’rif amalda edi. Ba’zan ilmiy tadqiqotlarda e’tirozlar bildirilgan bo‘lsa-da, hali yangicha qarashlar shakllanmagan, ayniqsa “millat”ga ta’rif berganda uning muhim elementi sifatida “milliy o‘zlikni anglash”ni ta’rifning tarkibiy qismiga kiritish yoki kiritmaslik masalasi ijtimoiy falsafada muammoligicha qolayotgan edi. Shu sohada butun umri davomida tadqiqotlar olib borayotgan olimlar bu omilni ta’rifga kiritishga qarshi bo‘ldilar. Sa’dulla Otamurodovning dissertatsiyasida ushbu masala ilmiy asoslandi va ta’rifi keltirildi. Dissertatsiya Moskvadagi Falsafa institutida 1990-yilda 28-oktabr kuni katta qiziqishlar, tortishuvlar va munozaralar bilan muhokama qilinib, yakunida ijobiy bahoga sazovor bo‘ldi. Ammo o‘sha paytda Falsafa institutida faoliyat olib borayotgan ixtisoslashgan Kengashning muhlati tugaganini hisobga olib, domlaning taklifiga ko‘ra, himoyani Toshkentda o‘tkazishga kelishildi. Ammo, Toshkentda himoya ikki yilga cho‘zilib ketdi va, nihoyat, 1992-yilning 23-fevralida muvaffaqiyatli himoya qilindi.
O‘sha yili yangi ochilgan Toshkent kimyo-texnologiya institutiga kafedra mudiri sifatida ishga kelgan ustoz uch yo‘nalishda baravar ishlarni olib bordi. Birinchisi, sifatli, maroqli dars berish malakasiga erishdi. Ikkinchisi, siyosat falsafasining hali ishlanmagan yo‘nalishlarida fundamental tadqiqot olib boradigan yosh olimlarni atrofiga jamladi. Uchinchisi, jamiyatni qiziqtirgan “millat”, “globallashuv”, “o‘tish davri”, “milliy rivojlanish falsafasi” mavzularida qalam tebratib, bir qator kitoblar, monografiyalarni yozdi.
Ustoz “ilmingni keyingi avlodlarga ham nafi tegsin”, degan qoidaga amal qilib yashamoqda. O‘nlab shogirdlari bilan deyarli har kuni muloqot qilarkan, ularni tesha tegmagan jiddiy mavzularga qo‘l urishga undaydi, foydali yo‘l-yo‘riqlar beradi, yozilgan tadqiqot qo‘lyozmalarini sinchiklab o‘qiydi, zarur fikrlarini erinmay aytadi.
Bir kuni jamiyat modernizatsiyasi nazariyasiga oid ilmiy tadqiqotimni sinchiklab o‘qigandan keyin shunday nasihat qildilar:
– Bu tanqidiy xulosani olib qo‘ying, yaxshi olim bo‘lib yetishganingizda, hali ko‘p kerak bo‘ladi. O‘zaro bahs asnosida tug‘ilgan tahririy tuzatishlar sizni mustaqil fikrlashga, olimona mushohadaga o‘rgatadi, deb o‘ylayman.
O‘qlovday harflarda bitilgan, kishini soxta ilmdan qochib, sabr va chidam bilan ishlashga da’vat etadigan o‘sha dastxatni hamon avaylab saqlayman. Gohida, ilmiy uslubdan publitsistika va prozaga chekinib qalam tebratganimda, Sadulla akaning tanqidlariga ko‘z tashlab qo‘yaman.
Ustoz fanda ishlangan mavzular haqida emas, balki jamiyatni birday qiziqtiradigan, boshini qotiradigan muammolar: o‘zlikni anglash, milliy rivojlanish, milliy xavfsizlik, millatni asrab-avaylash haqida yozadilar. 2008-yilda chop etilgan “Globallashuv va millat” kitobini olaylik. “O‘zbekistonda milliy-ruhiy tiklanish”, “Milliy rivojlanish falsafasi” singari oldingi asarlari qatorida olim yangi kitobida siyosatshunoslik ilmida hali tadqiq qilinmagan globallashuv sharoitida yosh davlatlarning siyosiy hayotida yuz berayotgan murakkab jarayonlar, yoshlarning g‘arbona yot g‘oyalarga berilayotganini kuyinchaklik bilan qalamga oladi. Kitob ikki qismdan iborat: birinchisida, globallashuv va millat munosabatlarining nazariy-metodologik jihatlari, ikkinchisida, millatni globallashuv davrida tajovuzlardan himoya qilishning nazariy-g‘oyaviy asoslari yoritiladi. Olim XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab turli daraja va ko‘rinishlarda paydo bo‘lgan globallashuv, ya’ni umumbashariy muammolar XXI asrga kelib, garchi iqtisodiyotning rivojlanishiga xizmat qilayotgan bo‘lsa-da, u yangi texnika, texnologiyalar, elektron OAV (televideniye, internet, uyali telefon) “ommaviy madaniyat”ni targ‘ib qilayotganligi uchun ayrim yoshlarning ongi va qalbida nuqsonlar ko‘payib borayotganini respublika va g‘arb tahlilchilari tadqiqotlari, shaxsiy kuzatishlari asosida ochib beradi. “Ommaviy madaniyatning zaminida tenglik emas, balki turli sohalarda katta qudratga ega bo‘lgan mamlakatlarning ma’naviy tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazish yo‘li bilan g‘arbona ma’naviyatlarini turli millatu elatlar ongi va qalbiga singdirish yo‘li orqali dunyoda o‘z hukmronligini tiklashga qaratilgan aniq maqsad yotadi”, deb ochiq yozadi muallif.
Millatimizning kelajak taqdiriga daxldorlik va mas’ullik tuyg‘usi bilan bitilgan kitob yoshlarni milliy an’ana va qadriyatlarimizni asrab, avaylashga, turli yot g‘oyalarning ta’siriga berilmaslikka da’vat etadi.
Olim tashqi va ichki tahdidlardan qanday qilib omon qolamiz, degan savolga “Globallashuv va milliy-ma’naviy xavfsizlik” (2013) kitobida aniq va to‘laqonli javob beradi. “Insoniyatning yuksak taraqqiyoti hosilasi bo‘lmish globallashuv hayotimizga yopirilib kelarkan, “ommaviy ma’naviyat” soyasida qolgan milliy-ma’naviyat barbod bo‘ladi”, deydi muallif “Muqaddima”da ustoz globallashuvni “yangi sivilizatsiya”, taraqqiyotning yuksakligi ko‘rsatkichi, deb nomlaydi va o‘tgan formatsiyalardan o‘rin olgan sivilizatsiyalardagi evolyutsion o‘zgarishlarni hozirgisi bilan taqqoslaydi. Masalan, oldingi sivilizatsiyalar yutuqlarining amaliyotga tatbiq etilishi uzoq vaqtni qamrab olgan bo‘lsa, globallashuv sharoitida odamlar ongi, qalbi, ma’naviyatiga, hatto an’anaviy mentalitetiga tezkorlik bilan kuchli ta’sir etish imkoni paydo bo‘ldi. Bizningcha, “ommaviy madaniyat (ma’naviyat)” allaqachon yoshlarda individualizm, shuhratparastlik, boylikka o‘chlik, o‘zgalarni nazar-pisand qilmaslik, ochko‘zlik, yovuzlik, o‘zaro begonalashuv singari salbiy xususiyatlarning kurtak otishiga olib keldi.
Bunday salbiy illatlarning ildizlariga qarata professor S. Otamurodov ibratli misollar keltirib, vaziyatni o‘nglashga doir o‘zining amaliy takliflarini ham bayon etadi. Hozirgi zamon sivilizatsiyasi bilan globallashuv jarayoni o‘rtasida ma’lum ziddiyatlar mavjudligini ta’kidlar ekan, ikkinchisi birinchisi yaratgan milliy boyliklar, urf-odatlar va qadriyatlarga barham berib, halokatga yetaklashi xavfidan barchani ogoh kiladi. Keyin globallashuv, sivilizatsiya va millatning o‘zaro munosabatlari haqida gapirib, “mazkur murakkab uchlikda millat yetakchi mavqega ega, chunki uning zaminida o‘zini o‘zi anglashga bo‘lgan intilish kuchayib boradi”, deb yozadi.
Olim “Millat” tushunchasiga an’anaviy amal qilib kelayotgan ta’rifdan farqli o‘laroq, yangi ilmiy ta’rif berdi. “Milliy davlat”ni millatning muhim belgisi sifatida ilmiy iste’molga olib kirdi. Yana bir yangiligi, sobiq sho‘rolarning millatlarga nisbatan zo‘ravonligi amal qilayotgan bir sharoitda “Milliy tarbiya” tushunchasini ijtimoiy-falsafiy sohalarning ilmiy iste’moliga kiritganligi bo‘ldi. Bu yetakchi olimlar tomonidan ilmiy tadqiqotlarda e’tirof etildi. Shu bilan birga, milliy ong, milliy ma’naviyat, milliy tiklanish, milliy g‘oya kabi o‘ta dolzarb masalalarni nazariy jihatdan ishlab chiqdi.
Domla oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun bir qator fanlardan o‘quv dasturlari, ma’ruzalar matni, o‘quv qo‘llanmasi va darsliklarni yaratdi. Uning rahbarligida “Ma’naviyat asoslari”, “Politologiya” o‘quv dasturlari va qo‘llanmalari dunyoga keldi va o‘z vaqtida yuqori baholandi. Jumladan, “Politologiya” o‘quv qo‘llanmasi 2000-yilda Respublika “Ustoz” jamg‘armasining birinchi mukofoti, “Ma’naviyat asoslari” o‘quv qo‘llanmasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2002-yilgi eng yaxshi o‘quv qo‘llanmasi uchun e’lon qilingan tanlovda uchinchi o‘rinni egalladi. “Milliy istiqlol g‘oyasi”, “O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti” nomli darslik, o‘quv qo‘llanmalariga hammualliflik qildi. “Siyosat falsafasi” fani bo‘yicha yozgan o‘quv dasturi OAK tomonidan respublikamizda shu sohada tayyorlanayotgan yuqori malakali kadrlar (aspirantlar) uchun o‘quv dasturi sifatida tasdiqlanib, foydalanishga tavsiya etildi va undan shu sohada tayyorlanayotgan tadqiqotchilar hamon foydalanib kelishmoqda.
Sa’dulla Otamurodovning o‘quv-ilmiy faoliyatdan tashqari, jamoat ishlarida faol ishtirok etib kelayotganligini alohida ta’kidlagimiz keladi. Domla uzok yillar davomida respublikamizdagi bir qator oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olgan bakalavr, magistrlarning bitiruv va diplom ishlari, Davlat Attestatsiyalarida Komissiya raisi va a’zosi sifatida qatnashdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasini tugatayotgan magistrlarning diplom himoyasida rais, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya Universitetida magistrlarning diplom himoyasida rais, O‘zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini tugatayotgan magistrlar diplom himoyasida komissiya a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona instituti, Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent Davlat Irrigatsiya va milioratsiya instituti, Al-Xorazmiy nomidagi Urganch Davlat Universiteti, Toshkent To‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Toshkent Davlat Arxitektura qurilish instituti, Namangan Davlat universiteti, Guliston Davlat universitetini bitkazayotgan bakalavr va magistrlarning Davlat attestatsiyalariga raislik qildilar.
Domla tadqiqotchi-pedagogik faoliyatini, yetakchi oliy o‘quv yurtlaridagi ilmiy ishlari va kadrlar tayyorlash bilan qo‘shib olib boradi. Jumladan, 1998–2005-yillarda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi qoshidagi siyosiy va huquqshunoslik fanlari bo‘yicha fan nomzodi va fan doktorlari ilmiy darajasini beruvchi ixtisoslashgan kengash a’zosi. 2003-2009-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi OAK da tarix, falsafa, sotsiologiya, huquqshunoslik va siyosiy fanlar bo‘yicha fan nomzodi va fan doktorligi ilmiy darajasini, dotsent va professor ilmiy unvonlariga tavsiya beruvchi ekspertlar guruhida a’zo (2005–2006-yillarda guruh rahbari) bo‘ldi. 1999-2011-yillarda qariyb 12 yil davomida OAK tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi qoshida fan doktorlari va professorlari uchun tashkil etilgan maxsus komissiya a’zosi, xuddi ana shu yillar davomida OAK tomonidan O‘zbekiston Milliy universiteti qoshida fan nomzodlari va dotsentlari uchun tashkil etilgan maxsus imtihon komissiyasining raisi sifatida faoliyat olib bordi. 2011-yildan buyon esa “Iste’dod” fondida malakasini oshirayotgan turli sohadagi yoshlarga ma’naviyat va ma’rifat kursidan ma’ruzalar o‘qib keladi.
Chindan ham, Ustoz mashaqqatli, mazmunli va sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Ayni damda, professor S. Otamurodov millatning faol ziyolisi sifatida milliy rivojlanish, globallashuv, millat, milliy xavfsizlik haqida yozar ekan, jamiyatda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni sinchkovlik bilan kuzatib boradi. Ba’zi kishilar ongi, qalbi va tuyg‘usida orqaga chekinishlar yuz berib, favqulodda vaziyatlarda xatti-harakatlarini boshqara olmasligini vaqtida ilg‘ab olishga, kelgusida siyosiy hushyor va sergak bo‘lishga chaqiradi. “Vatanning bir parchasi bo‘lganingdan keyin shu jannati yurtga fidoyi xizmat qilmasdan, umringni o‘tkazib yuborma”, deydi olim qayg‘urib.
Sa’dulla Otamurodov o‘z ilmiy faoliyati davomida 260 dan ortiq monografiya, ilmiy maqola va uslubiy qo‘llanmalarni e’lon qildi. Jumladan, 12 ta monografiya, 20 ta risola, 300 ta ilmiy maqola va 40 dan ortiq ilmiy-uslubiy qo‘llanmalarni e’lon qildi.
Menimcha, O‘zbekistonda bugungi kunga qadar millat, millatni asrash mavzusida Otamurodovchalik ko‘p yozgan olim bo‘lmasa kerak. Ustoz yozgan “Milliy rivojlanish falsafasi” (Toshkent, “Akademiya”, 2005); “Globallashuv va millat (siyosiy-falsafiy tahlil)” (Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2008); “Globallashuv va milliy ma’naviy xavfsizlik (siyosiy-falsafiy tahlil)” (Toshkent, “O‘zbekiston”, 2013), “Globallashuv: millatni asrash mas’uliyati” (Toshkent, “O‘zbekiston”, 2018) kabi yirik monografik tadqiqotlar respublikamizda globallashuv sharoitida millat, milliy ma’naviyat va millatni asrab qolish omillarini o‘rganishda barcha oliy o‘quv dargohlariga metodologik qo‘llanma vazifasini bajarmoqda.
Shuni ta’kidlash lozimki, millat bilan bog‘liq muammolar juda murakkab. Chunki har bir inson kim bo‘lishidan qat’i nazar, qaysidir millatning vakili hisoblanadi. Shu boisdan, ushbu masalaga qiziqish va talabchanlik bilan qaraydi. Sohaga aloqador ba’zi “olimlar” masalaning nozikligidan foydalanib, undan o‘zlarini bir ko‘rsatib qo‘yish yo‘lida harakatga tushdilar. Xususan, 2005-yillarda Sadulla Otamurodovga ana shunday “bilag‘onlar” bir hamla qilib ko‘rishdi-yu biroq rejalari amalga oshmay qoldi. Sababi, olim ko‘tarilgan masalalarga xolisona qarovchilar ko‘pchilikni tashkil etardi. Boz ustiga, mustaqillik yillarida nihoyat fikrlar xilma-xilligi amal qilayotgani yana tasdig‘ini topgandi.
Bugungi kunda domlaning “Falsafa: qomusiy lug‘at” (Toshkent, “Sharq”, 2004); “Falsafa: qisqacha izohli lug‘at” (Toshkent, “Sharq”, 2004); “Milliy g‘oya va rahbar mas’uliyati” (Toshkent, G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2007); “Ma’naviyat: asosiy tushunchalar izohli lug‘ati” (Toshkent, G‘. G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2009); “Falsafa: ensiklopedik lug‘at” (Toshkent, O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi, 2010); “O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi” (2005, 9- va 10-tomlar) to‘plamlarida e’lon qilingan maqolalaridan ilmiy xodimlar, magistrlar, bakalavrlar foydalanilib kelishmoqda. Rossiya va bir qator MDH mamlakatlarida uning ilmiy tadqiqotlaridan iqtiboslar keltirilmoqda.
Ustozning oqil farzand-u arjumandlari ham ilm yo‘lidan ketib, Sarvar Otamuratov sotsiologiya fanlari doktori, Feruza falsafa fanlari doktori ilmiy darajalarini olishdi. Faylasuf olim, yaxshi tashkilotchi rahbarning hayot imtihonidan o‘tgan fikrlari yoshlarni zukkolik, komillik sari dadilroq harakat qilishga, jamiyat va davlatning nufuzi, obro‘si borasida kurashishga, o‘zidan yaxshi nom qoldirishga ruhlantiradi. Maqsadi ham ma’rifat ulashib, xalqimizni ma’naviy-ruhiy pog‘onalarga ko‘tarishdan iborat. Olimning ta’kidicha, aqlli mavjudot atalmish inson o‘zini anglab, jamiyatda tutgan mavqeini tushunib, o‘zini namoyon eta bilishi darkor. Biz olimlar ham millatni turli tashqi xavf-xatarlardan asrab qolishda bir jon-u bir tan bo‘lib xizmat qilishishimiz kerak.
Yigirma yildirki, stozimning etaklaridan tutib, aslo kam bo‘lmadim. Sa’dulla aka biz shogirdlarga adolatpeshalikni, xalqparvarlikni, ona yurtga, oilaga sadoqatni, ilmda halollikni, to‘g‘rilikni, o‘z ustida tinimsiz ishlashni, mehnatdan qochmaslikni, xullas-kalom, ham olim, ham odamiylik qoidalariga amal qilishni astoydil o‘rgatdilar. Bu borada o‘zlari shaxsiy namuna ko‘rsatdilar. Albatta, ustozning oddiy, samimiy o‘gitlari o‘zining mevalarini bera boshladi. Bularning hammasi uchun Ustozga ta’zim qilamiz va ularning yo‘llaridan yurishga intilamiz.
Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan g‘amxo‘r ustozimiz, falsafa fanlari doktori, professor, Sa’dulla Otamurodovga tani sihatlik, oilaviy bag‘ributunlik va uzoq umr tilab qolamiz.
Baxtiyor Omonov,
O‘zMU ning “Siyosatshunoslik” kafedrasi
professori, siyosiy fanlar doktori.