Millatlararo munosabatlar sohasida yangi O‘zbekiston davlat siyosatining istiqbolli qadami
Millatlararo totuvlik g‘oyasi cayyoramizda yashayotgan 1600 dan ziyod etnik guruhlarning teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va hamkorlik asosida tinch-totuv yashash g‘oyasidir. Millatlararo totuvlik g‘oyasi millatparvarlik g‘oyasidir. U barcha millat va elatlarni tili, urf-odati, an’analari, bayramlari rivojlanishini talab etadi. O‘zaro hamkorlik va bardamlik, fashizm, milliy va etnik ko‘rinishdagi urushlarga qarshi turadigan yagona ma’rifiy g‘oyadir.
Zero, O‘zbekiston buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, qadim-qadimdan bu yerga turli mamlakatlardan kelgan turli millat vakillari o‘troqlashib qolgan. Ana shunday taqdir taqozosi bilan O‘zbekiston hududida ukrain xalqi vakillari 2 ming yillardan buyon yashaydi. Lekin shu davr ichida biror marta ikki xalq o‘rtasida ixtilof chiqmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida ko‘rsatilganidek, O‘zbekistan Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analarini hurmat qiladi. O‘zbekistoning milliy-madaniy rang-barangligi milliy o‘zlikni anglashning o‘sishi har ma’naviy jixatdan qayta uyg‘onish bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib jarayon. Ko‘pmillatli mamlakat siyosatining asosiy maqsadi millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni shakllantirish bo‘lishi zarur. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq milliy siyosatning o‘ziga xos yo‘li ishlab chiqildiki, ayni shu siyosat milliy bag‘rikenglikning barqaror rivojlanishiga zamin yaratdi. O‘zbekistonda shakllangan bunday milliy bag‘rikenglikdan keng dunyo jamoatchiligi o‘rnak olishga intilayotgani ham bejiz emas.
O‘zbekistonda yashovchi turli millat vakillarining madaniy ehtiyojlarini qondirish uchun milliy madaniy markazlari faoliyat yuritadi. Dastlabki milliy madaniy markazlar koreyslar, qozoqlar, yahudiylar, armanlar tomonidan respublika viloyatlarida 1989 yilda tashkil etilgan. Bu markazlarning chinakam rivojlanishi va ravnoq topishi O‘zbekistonning mustaqillikka erishgandan keyin boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 13 yanvarya qarori bilan tashkil etilgan Respublika baynalmilal markazlar markazi esa ushbu milliy madaniyat markazlar faoliyatini muvofiqlashtirib, ularga yordam ko‘rsatadi.
Konstitutsiyamizning 34-moddasida qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar. Shuningdek, 58-moddada ko‘rsatilishicha, davlat jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng imkoniyatlar yaratib beradi. Ushbu qoidalar milliy madaniy markazlar tashkil topishining, ular faoliyati va rivojlanishining huquqiy asosidir.
Milliy madaniy markazlarlar etnomadaniy ehtiyojlarni qondirishga, milliy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga hamda mamlakatda millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
bugungi kunda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 150 ta milliy madaniy markaz, 38 ta do‘stlik jamiyati va xorijdagi vatandoshlarning 38 ta jamiyati bilan hamkorlik qilib kelayotganligini ta’kidlash kerak. bugungi kunda Respublika baynalmilal madaniyat markazi mamlakatda yashayotgan turli millat vakillarining ma’naviy-ma’rifiy muloqot maskaniga, ziga xos do‘stlik uyiga aylangan. Bu yerda muntazam ravishda xalq bayramlari, festivallar, barcha millat ardog‘idagi ijodkorlar bilan uchrashuvlar, seminarlar va konferensiyalar o‘tkazib kelinadi.
Markaz tomonidan har yili ikki marta til bayrami o‘tkaziladi. Bular - YUNESKO Bosh konferensiyasi 30-sessiyasida (1999 yil) 21 fevral - Xalqaro ona tili kuni deb e’lon qilingan va 2000 yildan 195 ta a’zo davlatlar nishonlanib kelinayotgan «Xalqaro ona tili kuni» va O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun ham bayramdir.
Tarixga nazar tashlasak, o‘tgan asrning 30-yillarida ocharchilik tufayli yuzlab ukrainlar bir burda non topish ilinjida O‘zbekistonga kelgan va o‘zbek xalqi ularni mehr bilan qabul qilgan, non bergan. Shuning uchun «Toshkent non shahri», deb bejizga aytishmaydi. Ikkinchi jahon urushida o‘zbek xalqi yana ming-minglab oilalarni, yetim bolalarni o‘z bag‘riga oldi, hech kim ko‘chada qolgani yo‘q. Bularni ko‘z yoshsiz eslamay bo‘lmaydi. O‘zbek xalqining bag‘rikengligini, bolajonligini hech bir tarozi bilan o‘lchab bo‘lmaydi.
Yoki birgina qirg‘iz milliy-madaniy markazi 1995 yilda tashkil topgan. Qirg‘iz millatiga mansub aholi O‘zbekistonning turli joylarida o‘zbeklar va boshqa millat vakillari bilan bahamjihat yashaydi. Masalan, Farg‘ona vodiysining o‘zida 300 mingdan ziyod qirg‘iz yashaydi. 56 ta qirg‘iz maktabi bor, shundan 31 tasida darslar faqat qirg‘iz tilida olib boriladi. Buning uchun barcha darsliklar, o‘quv qurollari O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ta’minlab berilayapti. ozir O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat, shahar va tumanlarida markazning 23 ta madaniy-ma’rifiy tuzilmalari faoliyat ko‘rsatib turibdi. O‘tgan yillar mobaynida ular son jihatidangina emas, sifat jihatidan ham o‘sdi. Ko‘pgina masalalar ana shu markazning o‘zida hal etilmoqda.
Rus milliy madaniy markazi 1994 yilda tashkil topgan bo‘lib, bu yil uning 25 yilligini nishonladik. O‘zbekistonning barcha joylarida 200 dan ziyod tadbir o‘tkazildi. bugungi kunda O‘zbekistonda 800 mingga yaqin rus millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Mustaqillik yillarida xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat qilib, fan-texnika, tibbiyot, sport va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan 700 nafarga yaqin rus millati vakillari davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
2017 yilda O‘zbekistondagi koreys diasporasi shu zaminda yashayotganining 80 yilligini nishonladi. O‘tgan asrning 37-yillarida Uzoq sharqdan 74 mingdan ziyod koreysO‘zbekistonga badarg‘a qilingan edi. O‘zbek xalqi urush arafasi qiyinchiliklariga qaramay, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatdi, oxirgi bir burda nonini, bir piyola sutini birga baham ko‘rdi. Aytish kerakki, koreys va o‘zbek xalqi turmush tarzida, vatanga muhabbat, oilaga sadoqat bobida yaqin o‘xshashliklar bor.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin bu yerda yashayotgan koreys xalqi boshqa millat vakillari kabi o‘zining ko‘p asrlik urf-odatlari, madaniy merosi, ona tili va qadriyatlarini avloddan-avlodga yetkazish, ularni rivojlantirish imkoniga ega bo‘ldi.
Koreys xalqining O‘zbekistonda muqim o‘rnashishi va tomir otishida o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va bag‘rikengligi muhim rol o‘ynadi. O‘tgan 80 yil mobaynida ular o‘z milliy qadriyatlarini saqlagan holda O‘zbekistonda yashayotgan xalqlarning ajralmas qismiga aylandi. Shu davr mobaynida ulardan 283 nafari O‘zbekiston hukumatining yuqori unvon va mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Xevadagi Mehribonlik uyi direktori bo‘lib uzoq yillar mehnat qilgan Vera Borisovna Pak O‘zbekiston qahramoni unvoni bilan taqdirlandi. Ikki nafar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zosi, ikki nafar oliy o‘quv yurti rektori, yuzlab turli sohalarda muvaffaqiyatli ishlayotgan koreys millatiga mansub insonlar bor. Bugun turli darajadagi xalq deputatlari Kengashlarida 8 nafar koreys millatiga mansub fuqaro faoliyat yuritayapti, O‘zbekiston koreys milliy-madaniy markazi assotsiatsiyasi raisi Viktor Pak Oliy Majlis deputati, Agrepina Shin Maktabgacha ta’lim vaziri va hokazo. Bularning hammasi koreys xalqining bugungi islohotlarda faol ishtirok etayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda qozoq milliy-madaniy markazi tashkil etilganiga 30 yildan oshdi. E’tibor bering, O‘zbekistonda 376 ta qozoq maktabi bor. Bir qator oliy o‘quv yurtlarida qozoq filologiyasi fakultetlari faoliyat ko‘rsatayapti. O‘zbekistonda mustaqillik yillarida 89 nafar kishiga O‘zbekiston Qahramoni unvoni berilgan bo‘lsa, shundan 14 tasi boshqa millat vakillari, 3 nafari qozoq millatiga mansub. Qirqqa yaqin fan doktori, professor, 250 dan oshiq fan nomzodlari O‘zbekistonda yashab, o‘z bilimini, boy tajribasini yoshlarga o‘rgatayapti.
Qrim-tatar milliy-madaniy markazi esa, yoshlarga urf-odatlarni, o‘rgatadi, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan barcha bayramlarda, tadbirlarda o‘z urf-odatlarini namoyish qilishadi. Bundan tashqari, har yili 22 sentyabrda hosil barakasi va to‘ylar mavsumi sifatida nishonlanadigan «Derviza», yangi yilning boshlanishi sifatida 22 dekabrda nishonlanadigan «Yil gejesi» kabi bayramlari bor.
Isroil elchisi O‘zbekistonga ta’rif berganida: «Bu mamlakat yahudiylar quvg‘in qilinmagan dunyodagi yagona mamlakatdir» degan ekan. Qrim-tatar milliy madaniy markazi faoli Febzi Yakubovning yozgan kitobida shunday satrlar bor:«Singapur mikrotexnologiya, Germaniya sanoat texnikasi, Niderlandiya qishloq xo‘jaligida eng ilg‘or o‘rinda turadi desak, unda shak-shubhasiz O‘zbekiston boshqa millat va elatlarning sha’ni va qadr-qimmatini qadrlashda eng oliy o‘rinda turadi»,degan samimiy e’tirofi, o‘zbek xalqiga berilgan baholarning eng a’losidir.
O‘zbekistonda hukm surayotgan millatlararo bag‘rikenglik asosini YUNESKO tomonidan «16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni» deklaratsiyasi, O‘zbekistonning Konstitutsiyasi va tegishli qonunlari, «Harakatlar strategiyasi» va Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMTning 72-Assambleyasidagi ma’ruzasida ilgari surilgan g‘oyalar tashkil etmoqda. Jumladan, endilikda O‘zbekistonda har yili 30 iyul – “Xalqlar do‘stligi kuni” sifatida keng nishonlanadi. Ushbu band ijrosi bilan belgilangan sana mamlakatimizdagi turli millatlar vakillarining bir biriga bo‘lgan mehr-oqibatini va totuvligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. «Xalqlar do‘stligi kuni» nishonlashdan asosiy maqsad hamkorlik, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va odamlar, davlatlar va umuman jamiyatning turli tuzilmalari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishdan iborat. Bu ham yangi qo‘shnichilikning amaliy ifodasi bo‘lib, unga ko‘ra, Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibini belgilangan. Ko‘krak nishoni bilan yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari o‘rtasida millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shgan, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida fidokorona mehnat qilgan, shuningdek, xorijiy mamlakatlar xalqlari bilan do‘stlik va har taraflama hamkorlikni rivojlantirishda samarali natijalarga erishgan mahalliy va xorijiy davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’ektlari, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda chet eldagi vatandoshlar taqdirlanadilar. Shu bilan birga mazkur ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, mahalliy va xorijiy tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalar hamda boshqa yuridik shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Quvonarli jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 noyabrdagi PF-5876-son Farmoni bilan Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining konsepsiyasi millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining maqsadlari, prinsiplari va asosiy yo‘nalishlarini belgilab berildi. Ushbu Konsepsiyada birinchidan, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish — millatlar va elatlarning vakillari o‘rtasida konstruktiv va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarni shakllantirish masalasiga izoh berilgan.
Ikkinchidan, millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati — jamiyatda millatlararo munosabatlarni takomillashtirish va tartibga solish sohasida davlatning tizimli faoliyatidan iborat bo‘lib, fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini, ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar qonun oldida tengligini ta’minlashga qaratilgan.
Uchinchidan, millatlararo bag‘rikenglik — fuqarolik jamiyatining ijtimoiy normasi bo‘lib, boshqa millat va elatlar vakillarining umuminsoniy qadriyatlarga zid bo‘lmagan nuqtai nazarlariga, dinlari, urf-odatlari, an’analari va madaniyatiga nisbatan murosai madorada namoyon bo‘ladi.
To‘rtinchidan, millatlararo munosabatlar — mamlakat hududida istiqomat qiladigan millatlar va elatlar o‘rtasidagi, jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan munosabatlardir. O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq, hamkorlik ko‘lamlari va shakllariga qarab milliy madaniy markazlarga davlat tomonidan quyidagi qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish choralari ko‘rsatiladi.
Respublikamiz hududida istiqomat qilayotgan millat va elatlarning tili, madaniyati, urf-odatlari va an’analarini o‘rganish, shu jumladan badiiy, teatr jamoalari va klublari uchun zarur tashkiliy shart-sharoitlar yanada qo‘o‘lab quvvatlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining mablag‘lari hisobidan davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar taqdim etadi hamda milliy madaniy markazlar negizida yoshlar bo‘linmalarini tashkil etishga ko‘maklashadi.
O‘zbekistonning rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan milliy madaniy markazlar faollarini davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi va ularga faxriy unvonlar beriladi. Yangilanayotgan O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar va chet mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirishga, respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish sohasida O‘zbekiston Respublikasining davlat siyosatini samarali amalga oshirish uchun qo‘shimcha ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Shu bois ham, endilikda O‘zbekistonda har yili 30 iyul – “Xalqlar do‘stligi kuni” sifatida keng nishonlanadi. Bu bayram bag‘rikeng xalqimizga, yangi O‘zbekistonga yarashadi.
Feruza Muhiddinova,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori,
yuridik fanlari doktori