Millatlararo do‘stlik yanada mustahkamlanadi
Andijon davlat universitetida “Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan yurtimizda o‘tkazilayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida viloyatda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, xususan, rus, arman, qirg‘iz, koreys va uyg‘ur milliy-madaniyat markazlari vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona milliy siyosat tufayli O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlar shakllanganligi, eng asosiysi, yurtimizdagi barcha millat va elatlarning tengligi, o‘zaro do‘stligi huquqiy jihatdan kafolatlanganligi ta’kidlandi.
– Tadbir yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik va millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni yanada keng targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Xalq deputatlari viloyat kengashi huzuridagi Jamoat fondi raisi Zarduna Ismoilova. – Qolaversa, aholi, ayniqsa, yoshlar qalbida vatanparvarlik, millatlararo do‘stlik tuyg‘ularini hamda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashdan iborat.
Ayni kunda Andijon viloyatida yuzga yaqin millat va elat vakillari o‘zaro hamjihatlikda yashamoqda. O‘zbekiston fuqarosi sifatida ular amaldagi barcha huquq va erkinliklardan to‘laqonli foydalanmoqdalar. Ayniqsa, ularning o‘z ona tillarini o‘rganishlari, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. bugungi kunda viloyatda beshta rus, uyg‘ur, qirg‘iz, koreys hamda arman milliy-madaniy markazlari samarali faoliyat ko‘rsatayotganligi ham fikrimizga yorqin misoldir.
[gallery-9601]
Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Farhodbek Ataxanov, milliy-madaniy markazlar rahbarlari – Yekaterina Smesova, Artur Sarkisov, Obidjon Nosirov, Vyacheslav Kim va Adolatxon Rahmonova so‘z olib, BMT Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, 1997 yildan buyon butun dunyoda keng nishonlanib kelayotgan Xalqaro bag‘rikenglik kuni yurtimizda ham katta tantana bilan nishonlanayotganligi, ushbu sana millatlararo do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganligini aytib o‘tdi.
Shundan so‘ng milliy-madaniy markazlar viloyat bo‘limlari qoshidagi badiiy havaskorlik guruhlarining teatrlashtirilgan chiqishlari va konsert dasturlari namoyish etildi. Tadbir doirasida milliy markazlar tomonidan tashkil etilgan milliy liboslar, milliy taomlar ko‘rgazmalari barchada katta taassurot qoldirdi.
Viloyatning barcha tuman va shaharlarida “Bag‘rikenglik haftaligi” tadbirlari davom etmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA