Millat xotirasi yemirilmaydi
Mustaqillik farzandlari. Ular bugun nimalar bilan band? O‘y-xayollari, faoliyatlari qanday? “Jadid” gazetasi jurnalisti, yosh ijodkorlar safida o‘zining dadil so‘zi bilan adabiyot ixlosmandlari mehrini qozongan shoir va publitsist, she’riyat va kitobxonlik bo‘yicha bir qator ijodiy loyihalar muallifi, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Shahriyor Shavkat – mustaqillik farzandi. Uning joriy yil fevral oyida Afg‘onistonga safari ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar, so‘z san’ati muxlislari, keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kuzatib borildi.
Bu sayohat shovullagan dengiz sohillariga yoki xushmanzara yurtlarga emas, aynan Afg‘onistonga uyushtirilgani ko‘plarning e’tiborini tortdi. Yosh bo‘lsa-da, qalami charxlangan ijodkor Shahriyor Shavkat bilan suhbatimiz ana shu ma’rifiy safar xususida bo‘ldi.
– Sizning Afg‘onistonga ma’rifiy ekspeditsiyangizga nima turtki bo‘ldi?
– Bu savolga javob berishdan oldin bolalik orzularimning ilk manzili haqida ikki og‘iz so‘z aytishga ijozat bersangiz. O‘smirlik ostonasiga qadam qo‘ygan yillarimda dadam meni buyuk ajdodlarimiz qadam izlari saqlangan muqaddas maskanlar bilan tanishtira boshlagan edilar. Ayniqsa, Shahrisabzda Sohibqiron Amir Temurning ilk dahmasiga tushganim hali-hanuz yodimdan ketmaydi. Nam tuproqning o‘ziga xos ifori va tarixiy bir salobat murg‘ak qalbimda ta’riflash qiyin bo‘lgan tuyg‘ularni uyg‘otgandi. Dahmaga tushganimizda hatto yuragim urishi qulog‘imga eshitilayotgandek tuyulardi. Balki aynan o‘sha lahzalarda tarixga mehrim, ajdodlar izidan yurishga bo‘lgan ishtiyoqimning dastlabki urug‘lari qadalgandir. Keyinchalik o‘sha hayrat she’rlarimga ham ko‘chdi.
Bu hislar yillar o‘tib yana bir manba bilan boyidi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonovning «Boburiynoma» asarini o‘qiganimda, kitobda tasvirlangan Bobur Mirzo izidan uyushtirilgan mashaqqatli ekspeditsiya meni qattiq ta’sirlantirdi. Kitobni mutolaa qilarkanman, o‘zimni go‘yo o‘sha karvonning bir a’zosidek his qilardim. “Qaniydi, men ham ular bilan birga ulug‘ ajdodlarimiz yurgan yo‘llardan yursam, ular qurgan obidalarni ko‘rsam, o‘sha yurtlardagi qardoshlarimiz bilan suhbatlashsam”, degan orzu qalbimga o‘shandayoq muhrlangan.
Yana bir jihat bor. Yurtimiz endigina mustaqillikka erishgan, imkoniyatlar nihoyatda cheklangan yillarda ustozlar ilm va millat xotirasi uchun minglab chaqirimlarni bosib o‘tganlar. Bugun bizda imkoniyatlar kengaygan ekan, ular boshlab bergan ma’rifiy an’anani davom ettirishni o‘zim uchun burch deb bildim.

Rostini aytsam, meni Afg‘onistonga faqat havas emas, nafis bir ijodiy “hasad” ham yetakladi. Ozarbayjonlik taniqli navoiyshunos olima Almaz Ulvi Binnatovaning Hirot haqidagi hayajonli xotiralarini eshitganimda, hazrat Navoiy yashagan va ijod qilgan zaminni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish istagi yanada kuchaydi. Bu ma’naviy meros bilan yuzma-yuz uchrashishga bo‘lgan chanqoqlik edi, ehtimol.
Safardan qaytgach, ustoz Xayriddin Sultonov telefon qilib, ko‘rgan-kechirganlarimni kitob qilishimni tayinladilar. Oradan ko‘p o‘tmay, kitobga “Hirotga, bobomning huzuriga!” degan nom topib qo‘yganlarini aytdilar. Men buni ustozning oq yo‘l tilashi deya qabul qilib, ishga kirishdim.
Shuning uchun ham Afg‘onistonga qilgan ma’rifiy ekspeditsiyamni shunchaki sayohat deb emas, ustozlardan o‘tgan ma’naviy estafeta va buyuk ajdodlarimiz merosi bilan yuzma-yuz muloqotga intilishning tabiiy davomi deb hisoblashlarini istardim.
– Safar jarayonida Al-Beruniy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod Gavharshodbegim, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi ko‘plab ajdodlarimiz mangu orom topgan maskanlarni ziyorat etishga muvaffaq bo‘ldingiz. Bunday hayajonli, sharafli, ham o‘ta mas’uliyatli jarayonda, yana ham aniqrog‘i, qaltis vaziyatda qanday fikrlar xayolingizga keldi?
– Rostini aytsam, qaltis vaziyat haqida o‘ylashga ham ulgurmadim. Safar davomida eng ko‘p qo‘rqqan narsam o‘q emas, yo‘l azobi ham emas, balki uzoq yillik orzuimga yeta olmay qolish edi. Chunki u yerlarga shunchaki sayyoh sifatida bormaganman. Asrlar davomida kitoblardan tanib, she’rlaridan ruhlangan, nomlarini muqaddas deb bilgan ajdodlarim bilan ma’naviy diydorlashish uchun bordim. Har bir ziyorat oldidan o‘zimga bir savol berardim: “Shu yergacha yetib kelishga-ku, keldim, endi ularga munosib nabira bo‘la olamanmi?”
Hirotda hazrat Alisher Navoiy maqbarasi oldida turganimda tarixchi Xondamirning satrlari xayolimdan ketmadi. Ko‘z oldimda Sulton Husayn Mirzo gavdalandi. U o‘zining buyuk vaziri, sodiq do‘sti bilan ko‘rishish uchun otdan tushadi. Navoiy hazratlari esa unga peshvoz chiqar ekan, hukmdor bag‘rida behush yiqiladi... Keyin yetti kunlik motam, shu bog‘gacha yelkada ko‘tarilgan tobut, butun Xurosonda e’lon qilingan aza... Shu voqealarni eslab turib, bugungi Hirotga qaradim. Urushlar necha bor maqbaralarni vayron qilibdi, lekin Navoiyni xalq xotirasidan o‘chira olmabdi. O‘shanda bir haqiqatni angladimki, asrlar o‘tib har qanday tosh yemirilar ekan, ammo millat xotirasi yemirilmas ekan.
Navoiy ziyoratida yana bir manzara meni qattiq ta’sirlantirdi. O‘zbekistondan borib, uning maqbarasini qayta tiklagan ustalar, Bobur xalqaro jamoat fondi ekib ketgan ikki mingga yaqin ko‘chat bugun barvasta daraxtga aylangan. Qum va chang qurshovidagi Hirotda aynan shu maskan eng yashil hududga aylanganini ko‘rib, ko‘zimga yosh keldi. Baribir o‘zbeklarim bog‘bon xalq, dehqon el, mirishkor ulus! Qumga ham cho‘p suqsa, soyador daraxt bo‘ladi!
Mavlono Lutfiy qabrini izlash esa butun safarning eng mashaqqatli davri bo‘ldi. Hatto ayrim mutasaddilar ham ulug‘ shoir haqida yetarli ma’lumotga ega emas ekan. O‘shanda men Navoiy haqida bilganlarimni hirotlik olimga hayajon bilan aytib berdim. U hayrat bilan eshitdi. Keyin Shodijon qishlog‘ida Lutfiy hazratlari qabrini ziyorat qilganimda, o‘zimni go‘yo buvasini sog‘inib kelgan nabiradek his qildim. Xayolimdan ixtiyorsiz: “Qaniydi, hozir bir piyola choy ustida buvamning gurungini olsam, g‘azallarini o‘z og‘zidan eshitsam”, degan o‘ylar o‘tdi. Juda boshqacha hissiyot! Ta’riflash qiyin!

G‘aznada Beruniy hazratlari qabri boshida esa butunlay boshqa kechinmaga berildim. Abdulla Oripov aytganidek, sehrli diyor – Amerika kashf etilmasidan oldin uni “aql mash’ali” bilan anglagan qomusiy olimning mangu qo‘nimgohi oldida turib, vaqtning shafqatsizligi haqida o‘yladim. Bir tomonda insoniyat tafakkurini yuksaltirgan daho, ikkinchi tomonda juda kamtarona qabr... O‘ylasa, uzoq o‘ylasa, mulohaza yuritsa bo‘ladigan holat. Bular balki bir kun kelib, boshqa kitobga ko‘proq mazmun bag‘ishlar...
Kobuldagi “Bog‘i Bobur”ga borganimda tinmay g‘azal o‘qidim. Ilgari Andijondagi ramziy qabrni ziyorat qilganman. Bu gal esa Zahiriddin Muhammad Boburning asl qo‘nimgohiga keldim. Uning vasiyatiga ko‘ra ochiq osmon ostida yotganini ko‘rib, shohning haqiqiy ulug‘ligi saroylarda emas, kamtarligida ko‘rinishini his qildim. Ziyoratdan keyin mahalliy o‘zbeklar qo‘llarida ko‘chat bilan kelishdi. Biz birga daraxt ekdik. Bobolarimiz boshlagan ezgu ishlarni davom ettirish qanday baxt!
Shoh Mashrab ziyorati esa tun qorong‘usida kechdi. Telefonlar yorug‘ida maqbaraga kirdik. Avval peshtoqdagi yozuvni qayta-qayta tekshirdim: “Rostdan ham shu yermi?” Ishonch hosil qilgach, ichkarilab, otashnafas shoirning ruhiga bag‘ishlab duo qildik.
Yana bir narsa meni qattiq ta’sirlantirdi. Afg‘onistondagi o‘zbeklar bilan tonggacha gurung qildik. Ular O‘zbekiston haqida shunday mehr bilan gapirishardiki, inson beixtiyor to‘lqinlanadi. Yurtimizdagi tinchlik, ma’rifat, erkin muhit, xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida faxr bilan so‘zlashardi. Eng ko‘p aytgan gaplari esa bunday: “Bizga “afg‘on” deb emas, o‘zbek deb murojaat qiling. Biz Amir Temur va Navoiy davridan avvalroq ham shu tuproqlarda yashagan xalqmiz!” Bu so‘zlar menga qattiq ta’sir qildi.
Safar yakunida bir muhim xulosaga keldim. Men ziyorat qilgan muqaddas maskanlar turli shaharlarda joylashgan bo‘lsa-da, ularning barchasi meni bir haqiqatga olib keldi. Abu Rayhon Beruniy, Mavlono Lutfiy, hazrat Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, malika Gavharshodbegim, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi ulug‘ ajdodlarimizni alohida-alohida shaxslar emas, bir-biriga ma’nan chambarchas bog‘langan, yaxlit bir buyuk turkiy tamaddunning uzviy halqalari sifatida ko‘rdim. Biz esa ana shu buyuk ma’naviy zanjirning bugungi davomchilari, keyingi halqasimiz. Agar ajdodlarimiz qoldirgan merosni anglamasak, asramasak va kelajak avlodga munosib tarzda yetkazmasak, ertaga tarix ham biz haqimizda xuddi shunday hukm chiqarishi mumkin.
– Ushbu safar natijasi o‘laroq, “Hirotga, bobomning huzuriga!” nomli kitobingiz nashr etildi va uni Prezidentimizga ham taqdim etdingiz. Davlatimiz rahbarining 30-iyul kuni yoshlar bilan uchrashuv jarayonidagi u kishining Siz bilan bo‘lib o‘tgan o‘sha muloqotlari va kitobingizga munosabatlari qanday taassurot uyg‘otdi?

– 30-iyun kuni Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda davlatimiz rahbari fevral oyidagi Afg‘onistonga ijodiy safarimizdan yaxshi xabardor ekanliklarini bildirdilar. Hazrat Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mavlono Lutfiy, Abu Rayhon Beruniy, Boborahim Mashrab va boshqa ajdodlarimiz bilan bog‘liq muqaddas qadamjolarni ziyorat qilganimiz munosabati bilan samimiy tabrikladilar. Bu, ochig‘ini aytsam, meni juda ta’sirlantirdi.
Uchrashuv chog‘ida “Hirotga, bobomning huzuriga!” kitobining ilk nusxasini Prezidentimizga ehtirom bilan taqdim etdim. Davlatimiz rahbari kitob nomiga alohida to‘xtalib, uning ramziy ma’nosi va ma’naviy yukini iliq munosabat bilan e’tirof etdilar. Bu men uchun eng katta baholardan biri bo‘ldi. Chunki kitobning har bir sahifasiga bosib o‘tilgan mashaqqatli yo‘llar, qaltis vaziyatlar, ziyoratlar davomida kechgan tuyg‘ular va ajdodlar oldidagi ma’naviy mas’uliyatni singdirishga uringanman.
Yana bir muhim jihat shuki, safar davomida Afg‘onistondagi vatandoshlarimizdan O‘zbekistonga, Prezidentimiz olib borayotgan tinchlikparvar tashqi siyosatga, yaxshi qo‘shnichilik va insonparvarlik tashabbuslariga nisbatan bildirilgan samimiy minnatdorlik va salomlarni yetkazish nasib qildi. Bu ham uchrashuvning eng mazmunli lahzalaridan biri bo‘ldi.
Uchrashuv davomida keyingi yillarda ishtirok etib kelayotganimiz Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining “So‘z” loyihasi, Milliy kutubxona va Yoshlar ishlari agentligining “Mutolaa” loyihasi doirasidagi teatrlashtirilgan nazm kechalari haqida ham fikr bildirib, o‘z she’rlarimizdan o‘qidik. Muhtaram Prezidentimiz she’riyatni zamonaviy sahna vositalari orqali xalqqa yetkazishga oid bu kabi tashabbuslarni yuksak baholadilar.
Eng unutilmas voqea esa uchrashuv so‘ngida sodir bo‘ldi. Prezidentimiz Abdulla Qodiriyning “Bu dargohdan hech kim norizo bo‘lib ketmasligi kerak!”, degan mashhur iborasini eslab, mamlakatimizda Yoshlar teatrini tashkil etish haqida tarixiy topshiriq berdilar va uning faoliyatiga rahbarlik qilish mas’uliyatini bizga ishonib topshirdilar. Bu men uchun yuksak ishonch, ayni paytda ulkan mas’uliyatdir.
– Safar davomida Afg‘onistondagi mahalliy aholining o‘zbek xalqiga, o‘zbek ijodkorlariga bo‘lgan hurmati va kundalik hayotida qanday haqiqatlarni kashf etdingiz?

– Bu safar men uchun eng katta kashfiyotlardan biri Afg‘onistondagi o‘zbeklarning O‘zbekistonga, ajdodlarimizga bo‘lgan cheksiz mehri bo‘ldi. Maymana, Andxo‘y, Foryob, Kobul va Hirotdagi tildoshlarimiz bilan suhbatlashganimda, ularning deyarli barchasi bir gapni takrorlardi: “Biz uchun O‘zbekiston – ota-bobolar yurti”. Ular Amir Temur, hazrat Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Xoja Bahouddin Naqshband, Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat, Mavlono Huvaydo kabi buyuk ajdodlarimiz bilan biz kabi faxrlanadilar. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona nomlari ular uchun muqaddas ziyoratgohlar, ilm-ma’rifat va tamaddun manzillari hisoblanadi. Ko‘pchiligi umrida hech bo‘lmasa bir marta O‘zbekistonga kelib, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Amir Temur bilan bog‘liq muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishni eng katta orzularidan biri sifatida tilga oldi.
Safar so‘ngida ular menga chopon va do‘ppi tutib: “Siz endi O‘zbekistonga qaytasiz. Iltimos, shu choponni kiyib, Amir Temur hazratlarini ziyorat qiling. Siz orqali biz ham ziyorat qilgan bo‘lamiz”, deb iltimos qilishdi. Ularning iltimosini bajardim.
Andxo‘ylik nuroniylardan biri esa umrim davomida unutmaydigan gapni aytdi: “Men ikki marta Haj qilganman. Lekin imkonim bo‘lsa, ikki Hajimni bir marta Amir Temurni ziyorat qilishga almashtirardim. Qaniydi, bir marta Samarqandga borib, Imom Buxoriy hazratlarini ziyorat qilish nasib etsa, bu dunyodan armonsiz ketardim”. Bu so‘zlar menga ajdodlarimizga bo‘lgan muhabbatning qanchalik yuksak ekanini yana bir bor anglatdi.
Yana bir haqiqat shuki, ular O‘zbekistonning bugungi taraqqiyotini ham havas bilan kuzatib boradi. Prezidentimiz olib borayotgan tinchlikparvar tashqi siyosat, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, insonparvarlik yordamlari haqida katta hurmat bilan gapirishadi. Erkinlik, ta’lim, ilm-fan, tadbirkorlik, madaniy hayot, ayollarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida havas bilan so‘zlashadi. Ko‘pchiligining eng katta orzusi – Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xorzam, Andijon va Namanganni ziyorat qilish, bu yerlarda tahsil olish yoki tijorat qilish.
Yana bir jihat bor, ular “afg‘on o‘zbeklari” degan iborani yoqtirishmaydi. “Biz Amir Temur, hazrat Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur davridan ham avvalroq shu tuproqlarda yashagan haqiqiy o‘zbeklarmiz. Iltimos, bizni o‘z nomimiz bilan o‘zbek deb atang”, deb qayta-qayta ta’kidlashdi.
Shuningdek, bu safarda yana bir narsani angladim. Ba’zan biz qo‘l uzatsak yetadigan masofadagi Samarqand, Buxoro, Xiva yoki Shahrisabzda yotgan buyuk bobolarimizning qadriga to‘la yetmaymiz. Ammo ulardan yuzlab chaqirim uzoqda yashayotgan yurtdoshlarimiz har kuni ana shu ziyoratgohlarni orzulab yashaydi. Ular uchun O‘zbekiston tarix, tamaddun va ruhiy Vatan timsolidir.
Demak, o‘zimizda bor ne’matning qadriga yetishimiz, buyuk tariximiz va merosimizni asrab, uni kelajak avlodga yetkazish barchamizning burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim.
– Samimiy va sermazmun suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.