Milana asosiy davraga yo‘l oldi
Xalqaro tennis federatsiyasi musobaqalar taqvimidan joy olgan nufuzli turnirlarda mamlakatimizning eng kuchli raketka ustalari ishtirok etayotgani haqida xabar berib o‘tgan edik.
Ushbu turnirlarning biriga Tunis davlatining Monastir shahri mezbonlik qilmoqda. Unda hamyurtimiz Milana Maslenkova W15 toifasidagi musobaqaning saralashida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.
Milana saralash bosqichining finalida Fiji vakilasi Sirsha Brin bilan kuch sinashdi hamda 5:7, 6:3, 10:5 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa asosiy to‘r bosqichiga yo‘l olgan tennischimiz ilk davrada shveysariyalik Mari Mettro bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.
Shuningdek, bugun, 13 noyabr kuni erkaklar o‘rtasida mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Humoyun Sultonov Mumbay shahrida boshlangan M25 tasnifidagi turnirning birinchi davrasida mezbonlar vakili Adil Kalanpur bilan raqobatlashsa, juftlik bahslarida germaniyalik Lukas Deliano bilan tandemda hindistonlik Iqbal Ishaq va Feysal Kamar duetini sinovdan o‘tkazadi.
Humoyun va Lukas juftlik bahslaridagi dastlabki davradan o‘tsa, chorak final bosqichida neytral tennischilar Yegor Agafonov hamda Bogdan Bobrov bilan ro‘baro keladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA