Mikrokredit tashkilotlari qachon ko’payadi?
Mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirishda moliyaviy xizmatlar muhim ahamiyatga ega
Mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirishda moliyaviy xizmatlar muhim ahamiyatga ega. Bank-moliya bozori qancha rivoj topsa, tadbirkorlik ham shu qadar taraqqiy topadi. Bu – oddiy aksioma.
Jahon tajribasi shuni ko’rsatadiki, tadbirkorlikni moliyaviy qo’llab-quvvatlashda mikrokredit tashkilotlari muhim o’rin tutadi. Chunki bunday tashkilotlar kreditlashda byurokratiyaning kamligi, mijoz bilan ishlashda tezkorligi bois tadbirkorlar uchun ancha qulay hisoblanadi.
Xo’sh, mamlakatimizda mikrokredit tashkilotlarining rivoji qanday ahvolda?
Аfsuski, bu savolga ijobiy javob berishimiz mushkul.
Mamlakatimizda Markaziy bank tomonidan atigi 37 ta mikrokredit tashkilotiga litsenziya berilgan. Ularning kredit portfeli 38,6 million АQSh dollarini tashkil etadi xolos.
Qozog’istonda – 157 ta (kredit portfeli 599,5 mln. АQSh dollari), Qirg’izistonda – 134 ta (kredit portfeli 228,4 mln. АQSh dollari), Ozarbayjonda – 104 ta (kredit portfeli 230,6 mln. АQSh dollari), Rossiyada – 1 ming 955 ta (kredit portfeli 984,3 mln. АQSh dollaridan ziyod) mikrokredit tashkilotlari faoliyat ko’rsatadi.
BUNDАY VАZIYaTNING SАBАBI NIMАDА?
Tadbirkorlarimiz mikrokredit tashkiloti ochishni istashmaydimi yoki mikrokredit tashkilotlari xizmatiga ehtiyoj mavjud emasmi? Unisi ham, bunisi ham emas. Chunki, tadbirkorlar bilan muloqot qilsangiz, ushbu faoliyatga qiziqish ham, talab ham yuqori ekanini anglaysiz.
Unda muammo nimada? Bizningcha, muammo mikrokredit tashkilotlarini tuzish uchun qo’yilgan talablar va bunday tashkilotlar faoliyatining haddan ziyod tartibga solinishidadir.
BU NIMАLАRDА NАMOYoN BO’LMOQDА?
Mikrokredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash murakkab jarayonga aylangan. Kassa xonalarining texnik jihatdan mustahkamligi, qo’riqlash-yong’indan saqlash signalizatsiya vositalari bilan jihozlanishi, buxgalteriya hisobining yuritilishini ta'minlovchi dasturiy ta'minot va axborot tarmog’iga ulanish hamda ushbu holatlarni vakolatli idoralar tasdiqlashi, hujjatlarni ko’rib chiqish uchun to’lov talabi, ularni ko’rib chiqish muddatining uzunligi shular jumlasidan.
Bu kabi shartlarni bajarish ko’p vaqt, xarajat va sarsongarchilik keltirib chiqarishi bois, hamma ham litsenziya olishga shoshilmaydi. Natijada joylarda hech qanday litsenziya olmasdan qarz beruvchilik bilan shug’ullanish holatlari oz emas. Buning oqibatida na bankda pul aylanmoqda, na soliq to’lanmoqda.
Misol uchun, Rossiya, Qozog’iston, Qirg’izston, Moldova, Gruziya kabi davlatlarda mikromoliyaviy xizmat ko’rsatish faoliyatini litsenziyalash talab etilmaydi, mutasaddi organ tomonidan faqatgina ro’yxatga olish orqali soddalashtirilgan tartib qo’llanadi.
Bugungi kunda Markaziy bankning 2011 yil 10 apreldagi tegishli qaroriga asosan tijorat banklari faoliyatini yillik tekshiruvdan o’tkazilishi bekor qilingaligiga qaramasdan mikrokredit tashkilotlari faoliyatiga nisbatan yillik tekshiruv kabi ortiqcha byurokratik to’siq saqlanib qolmoqda.
Mikrokredit tashkilotlari tomonidan ajratilayotgan mikroqarzning belgilangan eng ko’p miqdori eng kam oylik ish haqqining 100 barobaridan (2 ming 416 АQSh dollari) oshmasligi talabi ajratilayotgan kredit hajmini va ulardan foydalanish darajasini oshirishga imkon bermayapti. Rossiyada ushbu ko’rsatkich 7 ming 705 АQSh dollarini, Qozog’istonda o’rtacha 13 ming 340 АQSh dollarini tashkil etadi.
Moliyaviy resurslarni jalb qilishning mavjud mexanizmi murakkab bo’lib, investorlardan qo’shimcha qarz mablag’larini jalb etishga to’sqinlik qilmoqda. Markaziy bankning 2006 yil 7 oktyabrdagi tegishli qaroriga asosan, mikrokredit tashkiloti tomonidan jalb etiladigan jami mablag’lar hajmi amalda shakllantirilgan ustav fondi miqdoridan oshmasligi kerak. Qirg’izistonda mikrokredit tashkiloti ustav kapitaliga nisbatan besh barobardan ortiq mablag’ jalb qilishi mumkin, Rossiyada esa qo’shimcha qarz mablag’larini jalb etishga cheklov o’rnatilmagan.
Mikrokredit tashkilotidan qarz olishda daromadlar to’g’risidagi ma'lumotnomani majburiy taqdim etish tartibi belgilangani ijobiy kredit tarixiga ega potentsial qarz oluvchilarga (shu bilan birga, ishsiz va o’zini o’zi ish bilan ta'minlayotgan shaxslar, uyushmagan yoshlar) mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanishga to’s
qinlik qilmoqda.
Qarzdorning majburiyatlarini bajarish uchun murojaat qilgan uchinchi shaxs tomonidan amalga oshirilayotgan to’lov summasi eng kam oylik ish haqqining 10 barobar hajmidan oshgan taqdirda, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni majburiy taqdim etish tartibi o’rnatilganligi kredit bo’yicha qarzdorlikni o’z vaqtida to’lashga to’siq yaratmoqda va muammoli kreditlar sonining ko’payishiga olib kelmoqda. Mazkur tartib Markaziy bank va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 2017 yil 23 maydagi qaroriga asosan tijorat banklari amaliyotida bekor qilingan.
Moliyaviy xizmatlar ko’rsatuvchi kichik korxonalar uchun belgilangan xodimlarning soni 25 nafar bilan cheklangani, mikrokredit tashkilotlarining filial tarmog’ini rivojlantirishga va yangi ish o’rinlarini yaratishga to’sqinlik qilmoqda.
Bu kabi muammolarni bartaraf etish uchun quyidagilarni taklif etamiz:
– mikrokredit tashkilotlarini ochish uchun litsenziya talabini bekor qilish va vakolatli organ tomonidan ro’yxatga olinishining soddalashtirilgan tartib-taomilini joriy etish;
– nobank kredit tashkilotlarining yillik rejali tekshiruvlarini bekor qilish;
– moliyaviy xizmatlar ko’rsatuvchi kichik korxonalar xodimlarining maksimal sonini 100 kishi etib belgilash va filial tarmog’ini yo’lga qo’yishga sharoit yaratish;
– kredit tashkilotlari tomonidan ajratiladigan mikroqarz hajmining umumiy miqdorini eng kam oylik ish haqqining 300 barobarigacha oshirish;
– mikrokredit tashkilotlarining jalb etilgan qo’shimcha qarz mablag’larining umumiy miqdorini ularning ustav kapitali
10 barobari miqdorigacha oshirish;
– mikrokredit tashkilotlariga ijobiy kredit tarixiga ega bo’lgan qarz oluvchilar uchun kredit ajratishda daromadlar to’g’risidagi ma'lumotnomani taqdim etishni mustaqil ravishda belgilash huquqini taqdim etish;
– mikrokredit tashkilotlar tomonidan qarzdorlik majburiyatlarini amalga oshirish uchun qarzdor va uchinchi shaxslardan o’z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi talabini bekor qilish.
O’ylaymizki, ushbu takliflarning amalga oshirilishi tadbirkorlikni moliyalash uchun qo’shimcha imkoniyatlarni yaratadi, noqonuniy qarz berish faoliyatini qonuniylashtirishga va soliq tushumlarining ko’payishiga olib keladi.
Olimxon Аliqoriev,
Iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent
Sherzod Egamberdiev,
Huquqshunos
Iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent
Sherzod Egamberdiev,
Huquqshunos