Midlberi institutining 10-Xalqaro simpoziumi doirasida Termizga ilmiy-ma’rifiy sayohat
Kuni kecha O‘zbekistonda Midlberi xalqaro tadqiqotlar institutining yubiley — 10-Xalqaro simpoziumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) hamkorligida tashkil etildi.
Yubiley forumining O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga va uning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi o‘rniga xalqaro qiziqish ortib borayotganini aks ettiradi. Simpozium dasturi Toshkent, Samarqand, Buxoro va Termiz shaharlarini qamrab oladi va ishtirokchilarga respublikaning boy madaniy-tarixiy va sivilizatsion merosi hamda mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning amaliy natijalari bilan tanishish imkoniyatini beradi.
Nufuzli delegatsiya tarkibidan dunyoning yetakchi universitetlari, jumladan, Garvard, Yel, Prinston, Berklidagi Kaliforniya universiteti, Oksford va Kembrij universitetlarining yetakchi xorijiy olimlari, tadqiqotchilari, doktorantlari va aspirantlari, shuningdek, AQSH Davlat departamentining sobiq xodimlari hamda xalqaro munosabatlar, geosiyosat, xavfsizlik va tarix sohasidagi taniqli ekspertlar o‘rin oldi. Ishtirokchilar qatorida Midlberi institutining Yevroosiyo tadqiqotlari dasturi rahbari Anna Vasileva, britaniyalik tarixchi Dominik Liven, mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha amerikalik ekspert Brianna Todd, Prinston universiteti professori Maykl Reynolds, tarixchi va Berklidagi Kaliforniya universitetining sobiq professori Yuriy Slezkin, Oksford universiteti dotsenti Datse Dzenovska hamda boshqa obro‘li mutaxassislar bor.
Simpozium dasturidan SMTI hamda JIDU qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti hamkorligida Termiz shahriga uyushtirilgan ilmiy-ma’rifiy tur alohida o‘rin egalladi.
Mazkur tashrif Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti shafeligida o‘tkazilayotgan tadbirlardan biri bo‘lib, ushbu muloqot O‘zbekiston tomonidan 2025-yilda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik masalalarini muhokama qilish, Afg‘onistonning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish hamda ikki makromintaqa o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi platformani shakllantirish maqsadida ilgari surilgan xalqaro tashabbusdir.
Joriy yil 4-6-iyun kunlari Toshkent shahrida Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazilgani bu tashabbusning muhim bosqichi bo‘ldi va mintaqaviy sheriklikning amaliy kun tartibini ilgari surishga xalqaro qiziqish yuqori ekanini tasdiqladi.
Safar davomida xorijlik olimlar va yosh tadqiqotchilar Buyuk ipak yo‘li bo‘yidagi sivilizatsiyalar tutashuvining yirik markazlaridan biri bo‘lgan qadimiy Termizning noyob madaniy-tarixiy va madaniy merosi bilan tanishdilar.

Butun dunyoga mashhur budda madaniyati yodgorliklari - Markaziy Osiyoda buddizmning tarqalishi va milodiy birinchi asrlarda mintaqaning Janubiy Osiyo bilan faol madaniy aloqalarining yorqin dalili bo‘lgan Qora-tepa va Fayoztepa arxeologik majmualari ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Delegatsiya a’zolari Termiz davlat arxeologiya muzeyida ham bo‘lib, qadimiy sivilizatsiyalarning eng muhim markazlaridan biri sifatida mintaqaning ko‘p ming yillik tarixini aks ettiruvchi noyob arxeologik topilmalar bilan tanishdi.

Dasturning alohida qismi IX asrning atoqli islom mutafakkiri, ilohiyotshunosi va tasavvuf olimi, islom falsafasi, diniy tafakkuri va ma’naviy madaniyatining shakllanishiga salmoqli hissa qo‘shgan Hakim at-Termiziy yodgorlik majmuasini ziyorat qilish bo‘ldi. Xorijlik mehmonlar uning boy ilmiy merosi va Termiz shahrining islom sivilizatsiyasining yirik intellektual markazlaridan biri sifatidagi o‘rni bilan tanishdilar.

Ishtirokchilarning e’tibori mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning asosiy tuguni sifatida mintaqaning zamonaviy rivojlanishiga qaratildi. Shu yerda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, eng avvalo, Afg‘oniston bilan chegaraoldi savdosi, logistika, sanoat kooperatsiyasi va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun zamonaviy platforma sifatida tashkil etilgan "Ayritom" xalqaro savdo markazi taqdimoti o‘tkazildi. Mehmonlar markaz hududida faoliyat yuritayotgan savdo pavilonlari, ishlab chiqarish korxonalari va ombor-logistika infratuzilmasi faoliyati bilan tanishdi, shuningdek, transchegaraviy savdoni rivojlantirish uchun tadbirkorlar va mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan biznes maktabida ham bo‘lishdi.
O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi zamonaviy chegara-bojxona majmuasiga tashrif buyurish ham katta qiziqish uyg‘otdi, u yerda ekspertlarga yuklarni o‘tkazishni tashkil etish, raqamli texnologiyalarni qo‘llash va savdo-transport operatsiyalarining yuqori samaradorligini saqlab qolgan holda xavfsizlikni ta’minlashning zamonaviy mexanizmlari taqdim etildi.
Tashrif yakunida xorijlik mutaxassislar bugungi kunda Termiz nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyoning muhim tutash nuqtasi, balki mintaqalararo hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirish uchun asosiy platformalardan biri ekanligini ta’kidladilar.
Simpozium ishtirokchilarining fikricha, O‘zbekiston siyosati – bu Afg‘onistonni yakkalab qo‘yishga emas, balki uni mintaqaviy iqtisodiy, transport-logistika, ta’lim va gumanitar jarayonlarga bosqichma-bosqich jalb qilishga asoslangan, mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan samarali hamda pragmatik yondashuvdir. Aynan savdoni kengaytirish, infratuzilmani yangilash, malakali kadrlar tayyorlash va inson kapitalini mustahkamlash uchun sharoit yaratish mintaqada uzoq muddatli barqarorlik va xavfsizlikka erishishning eng maqbul yo‘li sifatida ko‘rilmoqda.
Ekspertlar Termizda amalga oshirilayotgan loyihalar Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligi konsepsiyasining amaliy ifodasi ekanini yaqqol ko‘rsatishini ta’kidladilar. Shuningdek, bu O‘zbekistonning tinchlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik makonini shakllantirishga qaratilgan konstruktiv mintaqaviy kun tartibining tashabbuskori sifatidagi o‘rni ortib borayotganini tasdiqlashini qayd etdilar.