MIB: Uchqo‘rg‘onda 213 oila yarashtirildi
Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro T.I. turmush o‘rtog‘i N. D .bilan ajrashgan. O‘rtadagi ikki norasida bola ona qaramog‘ida qolgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining qarori bilan ota har oyda aliment to‘lab borishi belgilab qo‘yiladi.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan hujjat ijrosini ta’minlash mobaynida davlat ijrochisi tomonidan qarzdor ota bir necha marotaba ogohlantiriladi. Mas’uliyatni his etmagan qarzdor ota esa turli bahonalar bilan farzandlari uchun aliment to‘lamay keladi. Qarzdorlik oz emas, ko‘p emas 31 million so‘mga yetadi.

– Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan o‘tkazilgan sayyor sudda qarzdor otaga 15 sutkalik ma’muriy qamoq belgilandi, – deydi MIB Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i Abrorbek Xolmatov. – Shu kuni o‘tkazilgan sudda ana shunday toifadagi to‘rt kishiga nisbatan sud qarori e’lon qilindi. Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment mablag‘ni qasddan to‘lamay kelayotgan 49 nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy qamoq belgilangan. Ma’muriy qamoqdan so‘ng ham xulosa qilmagan bir nafar qarzdor otaga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.
Byurodan ma’lum qilinishicha, bugungi kunda MIB tuman bo‘limi ish yurituvida 1 ming 820 ta aliment bilan bog‘liq hujjat mavjud. Joriy yilning o‘tgan davrida Uchqo‘rg‘onda salkam 6 milliard so‘m aliment undirilib, aliment oluvchilarga ochilgan plastik kartalarga o‘tkazib berilishi ta’minlandi.
“Qushning ini buzilmasin”, deganlaridek aliment to‘lovlari bo‘yicha olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida 213 oilani yarashtirishga erishildi. 116 nafar aliment to‘lovchi ishsiz fuqaroning ishga joylashishiga ko‘maklashildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA