MIB: fuqaroning 105 million so‘m qarzi olib berildi
Hozirda fuqarolar orasida olgan qarzini qaytarmasdan yurish holatlari ming afsuski odatiy holga aylanib bormoqda.
Natijada, sudma-sud yurib o‘z pullarini qaytarib olalmay sarson bo‘lib yurgan fuqarolar Majburiy ijro byurosiga murojaat qilishmoqda.
Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining 2023 yil 17 iyuldagi ijro hujjatiga asosan, da’vogar J.A. ning foydasiga javobgar S.Z. dan 105 million so‘m qarz undirish belgilangan. Sudning qarori chiqishiga qaramasdan, javobgar tomonidan olingan qarzdorlik qaytarib berilmaganligi sababli, da’vogar sud qarori ijrosini ta’minlab berishini so‘rab, Byuroning Nukus shahar bo‘limiga murojaat qilgan.
Bo‘lim davlat ijrochisi qarzdorga sud qarori ijrosini ta’minlash uchun 15 kunlik ixtiyoriy muddat bergan bo‘lsada, qarzdorlik bartaraf etilmagan. Shu sababli, bo‘lim davlat ijrochisi qarzdorning yashash manziliga borib, uydagi barcha mol-mulklarni xatlovga olishga kirishgan paytda qarzdor 105 million so‘mdan ortiq qarzdorlikni da’vogarga naqd topshirishga majbur bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri