MIB: fuqarolar murojaati ijobiy yechim topdi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi hamda uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan nohaq ishdan bo‘shatilgan fuqarolarni qayta ishga tiklash, turli sabablarga ko‘ra berilmay kelinayotgan ish haqini undirish bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buning samarasi o‘laroq, joriy yilning o‘tgan davrida mehnat qonunchiligiga rioya qilinmagan holda bo‘shatilgan 13 nafar shaxs ishga tiklandi. To‘lanmay qolgan 3 milliard 400 million so‘mlik ish haqlari undirildi. Qolaversa, o‘tgan davr mobaynida mehnatkashlarning buzilgan huquqlarini qayta tiklash maqsadida 5 milliard 1000 million so‘mlik 415 ta ijro hujjati bo‘yicha harakatlar olib borildi. Natijada, 3 milliard 900 million so‘mga yetgan 323 ta hujjat ijrosi bajarildi. Amalda undiruv esa 3 milliard 600 million so‘mni tashkil qildi.
MIB Namangan viloyati boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining qaroriga ko‘ra, 12 nafar xodim foydasiga “Chorsu dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatdan jami 342 million 100 ming so‘m miqdoridagi ish haqi undirish belgilangan. Olib borilgan ijro harakatlari davomida mazkur ish haqi qarzdorligi undirib berilishi ta’minlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.