MIB: 60 milliard so‘m alimentdan qarzdorlik undirildi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan 2024 yil yakunlariga bag‘ishlab matbuot anjumani tashkil etildi.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun 115 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar undirilib, ushbu mablag‘larning 50 foizi, ya’ni 58 milliard so‘mi maxsus hisob raqamlariga yo‘naltirilgan va bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 17 milliard 500 million so‘mga ko‘payishiga erishildi.
Byuro organlarida muhim masala bo‘lgan aliment undiruvi bo‘yicha alohida chora- tadbirlar belgilanib, 60 milliard so‘m aliment qarzdorligi undirilgan va bu ko‘rsatkichlar 2023 yilga nisbatan 12 milliard so‘mga ortgan.
Bundan tashqari, o‘tgan davr davomida davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 5 mingga yaqin oila yarashtirilib, 11 ming nafardan ortiq voyaga yetmagan farzand o‘z oilasi qaramog‘iga qaytarilganini ham alohida ta’kidlash joiz.
“Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan bugungi kunga qadar 29 ta aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha undiruvchilarga jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 1 milliard 400 million so‘m aliment pullari to‘lab berildi.
Byuro organlari tashabbusi bilan 2023 yilda 1009 nafar ishsiz qarzdorning bandiligi ta’minlangan bo‘lsa, 2024 yilda ishga joylashtirilgan fuqarolar soni 1359 nafarni tashkil etdi.
[gallery-21295]
Shuningdek, o‘z farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan 1306 nafar qarzdor O‘zbekiston Respublikasi MjtKning 474-moddasiga asosan ma’muriy hamda 88 nafar qarzdor O‘zbekiston Respublikasi JKning 122-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Muqaddam o‘z ish o‘rnini yo‘qotgan va qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 63 nafar shaxs ish o‘rinlariga tiklanib, ularga to‘lanmay kelingan 3 milliard 500 million so‘mlik ish haqlari undirib berildi.
Shuningdek, o‘tgan davrda Byuroning Jizzax viloyat boshqarmasi va hududiy bo‘limlari xodimlari tomonidan 5 trillion 200 milliard so‘mlik 419 mingta ijro hujjati bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinib, 282 mingta ijro hujjati yuzasidan 2 trillion 800 milliard so‘m qarzdorlik amalda undirilishi ta’minlandi, ya’ni 2023 yilning mos davriga nisbatan undiruv ko‘rsatkichlari 901 milliard so‘mga ortib, belgilangan prognoz ko‘rsatkich 110 foizga bajarildi.
Shu kabi davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha 995 milliard so‘m qarzdorlik amalda undirilib, bu yo‘nalishda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan amaldagi undiruv 414 milliard so‘mga yoki 71 foizga ortgan.
Byuroning Jizzax viloyat boshqarmasi qidiruv shu’basi xodimlari davlat ijrochilari tomonidan 424 nafar qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilingan bo‘lib, olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari jarayonida ularning 295 nafari topilib, tegishli javobgarlik masalasi hal etildi.
Byuro organlarida yangidan tashkil etilgan Aktivlarning hisobini yuritish va boshqarish shu’basi tomonidan qarzdorlik hisobiga xatlangan va garov mulklarini auksion savdolariga chiqarish ishlari nazoratga olinib, o‘tgan 2024 yil davomida jami 820 milliard so‘mlik 1696 ta, shundan 524 milliard so‘mlik 483 ta ko‘chmas mulk, 104 milliard so‘mlik 812 ta avtotransport vositasi va 193 milliard so‘mlik 401 ta maxsus texnika va uskuna auksion savdolariga chiqarilishi ta’minlandi.
Byuroning Jizzax viloyatboshqarmasi va uningtuman-shahar bo‘limlariga2024 yilda kelib tushgan 9984 ta murojaatning 9482 tasi yoki 95 foizi ijobiy hal etilgan. Shulardan 5833 tasi (61 foiz) qanoatlantirilgan, 3659 tasi yuzasidanmurojaat mualliflariga huquqiy tushuntirishlar berilib, 5410 nafar fuqaroningbuzilgan huquqlari tiklanishiga erishilgan.
Byuro organlarini bilimli, halol va vijdonan mehnat qiluvchi xodimlar bilan to‘ldirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilib, ularni o‘qitish, malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash borasida 27 marotaba o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan.
Xodimlarning mas’uliyatini oshirish, ular tomonidan nomunosib va nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilishining hamda xizmat va ijro intizomi buzilishi kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida 79 ta profilaktik tadbir, 45 nafar xodim bilan individual tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari