MIB: 2024 yilda jami 47,8 trillion so‘mlik undiruvlar amalga oshirildi
Majburiy ijro byurosi tomonidan sudlar va boshqa organlar hujjatlarining ijrosini ta’minlash hamda faoliyat samaradorligini yanada yaxshilash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Byuro axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov shu haqda batafsil ma’lumot berdi:
– Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida, o‘tgan 2024 yilda jami 47,8 trln. so‘mlik undiruvlar amalga oshirildi.
Birgina, davlat foydasiga 21,4 trln. so‘m, tadbirkorlik va boshqa sub’ektlar foydasiga 24,4 trln. so‘m hamda fuqarolarimiz manfaatlari uchun 1,9 trln. so‘mdan ziyod mablag‘lar undirildi.
Fuqarolarning mol-mulkiga daxl qilmasdan va majburiy ijro harakatlari o‘tkazilmasdan axborot texnologiyalari yordamida masofaviy tarzda ishlaydigan 15 ta tumanlararo bo‘limlar tomonidan 846 mlrd. so‘mlik 2,3 mln. hujjatlar ijrosi ta’minlandi.
Shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Masalan, davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” hisobiga 1,1 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Voyaga yetmagan shaxslarning moddiy ta’minoti uchun jami 2,1 trln. so‘m aliment pullari undirildi.
“Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 684 nafar undiruvchiga 23,8 mlrd. so‘m pul mablag‘lari to‘lab berildi.
Shuningdek, aliment to‘lash istagi bo‘la turib, lekin ish bandligi bo‘lmagan 25.113 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 13.200 dan ortiq oila yarashtirildi.
Muqaddam, qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 753 nafar shaxs ishga tiklanib, ularga to‘lanmay qolgan 41,3 mlrd. so‘mlik ish haqlari undirib berildi.
Ijro etish sohasiga raqamlashtirish jarayonini tatbiq etish ishlari o‘zining natijalarini bermoqda.

Ijro ishi qo‘zg‘atilgani haqida qarzdor shaxslarga 93,3 millionta “SMS-xabarnoma”lar yuborildi va ijro ishi bo‘yicha 2,3 millionta avtomat qo‘ng‘iroqlar amalga oshirildi.
Byuro va Davlat soliq qo‘mitasining elektron hamkorlik tizimi yordamida qarzdor yuridik shaxslarning shaxsiy kabinetiga ijro ishlari haqidagi 245 mingta qarorlar onlayn jo‘natilib, 5,5 trln. so‘mlik hujjatlar ijrosi tamomlandi.
Byuro organlari tomonidan qarorlar ijrosini ta’minlash, qarzdorliklarni kamaytirish va undiruv ishlarini tashkil etish bo‘yicha “mahallabay” tizimida ish olib borilmoqda.
Bundan tashqari, ma’muriy jarimalarni, ayniqsa, yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun qo‘llanilgan qarorlar ijrosini ta’minlash borasida olib borilgan reyd tadbirlari davomida 423 mlrd. so‘mlik mablag‘lar undirilib, 1 milliondan ortiq hujjatlar ijrosi ta’minlandi.
Energiya resurslari sohasida qarzdorliklarni bartaraf etish borasida 32 ming 300 dan ziyod hujjatlar ijrosi ta’minlanib, 623,3 mlrd. so‘m mablag‘lar undirildi.
N.Abduraimova, O‘zA