Messi uchun omadsiz boshlangan chempionat
Qatarda bo‘layotgan jahon chempionatida Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi jamoasining Saudiya Arabistonidan shov-shuvli mag‘lubiyatiga izoh berar ekan, “o‘zimizni oqlashga haqqimiz yo‘q, biz har qachongidan ham kuchli bo‘lishimiz kerak. Ko‘rib turganimizdek, guruhumiz juda kuchli”, dedi.
“Endi biz uzoq vaqt duch kelmagan vaziyatga tushib qoldik. Mag‘lubiyat barchamiz uchun og‘ir zarba bo‘ldi, hammasi shunday boshlanishini kutmagandik», – deya keltiradi Messining so‘zlarini milliy terma jamoasi Twitter-akkaunti.
Saudiya Arabistoni murabbiylar shtabidan xabar qilinishicha, Argentina ustidan qozonilgan g‘alaba tufayli har bir o‘yinchi 2,5 million yevrodan mukofot puli oladi.
Bundan tashqari, chorshanba kuni Saudiya Arabistoni podshohligida dam olish kuni deb e’lon qilindi, deb yozmoqda Arab News agentligi.
Rejada ko‘rsatilmagan dam olish kuni podshohlikning barcha davlat xizmatchilari va xususiy sektor vakillari, shuningdek, talabalar va maktab o‘quvchilari uchun joriy qilindi.
Saudiya Arabistoni ta’lim vazirligi ma’lum qilishicha, chorshanba kuniga belgilangan har qanday imtihon 7 dekabrga ko‘chiriladi. Saudiyaning Tadawul fond birjasi ham chorshanba kuni savdolarni to‘xtatganini, payshanba kuni qayta boshlashini ma’lum qildi.
Mazkur o‘yin bir necha sababga ko‘ra jahon chempionati tarixiga kiradigan bo‘ldi. Birinchidan, ikki marta jahon chempioni bo‘lgan Argentina jamoasi 1990 yildan buyon birinchi bor chempionatning birinchi tur o‘yinida mag‘lubiyatga uchradi. Ikkinchidan, Saudiya Arabistoni argentinaliklarni qatorasiga 36 ta mag‘lubiyatsiz o‘yindan keyin to‘xtatdi.
Yetti marta “Oltin to‘pni” qo‘lga kiritgan Lionel Messi Qatarda kechayotgan jahon chempionati uning uchun hujumchi sifatida oxirgisi bo‘lishiga ishora qildi.
Endi Argentina milliy terma jamoasi navbatdagi uchrashuvni Meksika terma jamoasi bilan o‘tkazadi.