Mening ovozim – mening taqdirim
2021 yil 24 oktyabr kuni Respublikamizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkaziladi. Aholining siyosiy va huquqiy madaniyati, dunyoqarashi, fuqarolik pozitsiyasi ushbu saylov jarayonlarida yana bir bor namoyon bo‘ladi.
Sirdaryo viloyatida “Mening ovozim – mening taqdirim” shiori ostida saylov targ‘iboti haftaligiga start berildi. Viloyat adliya boshqarmasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda bir qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu targ‘ibot tadbirlari aholining huquqiy-siyosiy savodxonligini, saylov qonunchiligidan xabardorligini oshirish, elektoral madaniyatini yuksaltirish maqsadiga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Dastlabki tadbir Boyovut tumanidan boshlandi. Tumanning “Markaz”, “Paxtakor”, “Yangi bo‘ston” va “Istiqlol” mahallalarida targ‘ibot guruhi tomonidan Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, saylash va saylanish huquqiga oid normalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning saylovlarda ishtirok etishlari uchun yaratilgan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
- Saylovning ahamiyati shundaki, uning natijasida davlat rahbari saylanibgina qolmay, balki, jamiyat a’zolarining xohish-istaklari, kayfiyati, davlat siyosatiga real munosabati namoyon bo‘ladi. Bu jarayonda har bir O‘zbekiston fuqarosi o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, saylovda faol ishtirok etishi lozim, - deydi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Ravshanbek Mahmudov.

- 2021 yilgi prezident saylovi ilk bor O‘zbekiston Respublikasi “Saylov kodeksi” asosida o‘tadi, - deydi adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Dilnoz Umurzoqova.- “Saylov targ‘iboti haftaligi” doirasida ko‘chabay, mahallabay uchrashuvlar tashkil etish orqali aholining siyosiy savodxonligini oshirish, saylovda faol ishtirok etishga chorlash asosiy maqsadimizdir.
Targ‘ibot guruhi tomonidan hududdagi 42-umumta’lim maktabida, 1-sonli oilaviy poliklinikada ham xodimlar bilan muloqotlar uyushtirilib, saylov qonunchiligi yuzasidan keng ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida saylov qonunchiligiga doir targ‘ibot materiallari tarqatildi. “Saylov targ‘iboti haftaligi” doirasidagi tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etadi.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA