“Meni hamon oʻqirlar va unutmaslar...”
Ijodkorlarimiz tomonidan ulugʻ mutafakkirimiz nomini abadiylashtirish, ular yaratgan asarlar gʻoyasini keng ommaga yetkazish maqsadida spektakllar va badiiy filmlar sahnalashtirilmoqda.
Oʻzbek romanchiligining asoschisi, vatanparvar adib Abdulla Qodiriy xotirasiga ehtirom koʻrsatish, milliy adabiyotimiz rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini ulugʻlash hamda Abdulla Qodiriy tavalludining 126-yilligiga bagʻishlab joriy yilning 20-fevral kuni Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida “Meni hamon oʻqirlar va unutmaslar...” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Bosh direktorining birinchi oʻrinbosari, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev, Bojxona instituti kursantlari, Abdulla Qodiriy avlodlari, Oʻzbekiston davlat satira teatri aktyorlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mutafakkir, oʻzbek romanchiligining asoschisi, vatanparvar adib Abdulla Qodiriy nomini abadiylashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar davlat siyosati darajasida amalga oshirilib, bu borada hukumat qaror va farmonlari asosida tizimli ishlar amalga oshirildi. Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida Abdulla Qodiriy ijodiga bagʻishlangan adabiy muzey, ijod maktab, kutubxona barpo etildi. Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Samarqand darvoza koʻchasi 35 va 37-uy manzillarida Qodiriy uy-muzeyi tashkil etildi.
Ijodkorlarimiz tomonidan ulugʻ mutafakkirimiz nomini abadiylashtirish, ular yaratgan asarlar gʻoyasini keng ommaga yetkazish maqsadida spektakllar va badiiy filmlar sahnalashtirilmoqda. Ushbu ezgu ishlar zamirida Abdulla Qodiriyning asarlaridagi maʼrifatparvarlik gʻoyalarini yosh avlodga yetkazishdan iboratdir.
Tadbir davomida kursantlarga Turon kutubxonasi tasarrufidagi Abdulla Qodiriy muzeyiga ekskursiya tashkil etildi.