“Menejerlik o‘quv kurslari” muvaffaqiyatli yakunlandi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Menejerlik o‘quv kurslari”ning muvaffaqiyatli yakunlanishi munosabati bilan nomzodlarga menejerlik sertifikatlarini topshirish tadbiri tashkil etildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshchiligida A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan umumta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni tayyorlash, liderlik va zamonaviy boshqaruv qobiliyatlarini shakllantirish, jamoada ishlash va ota-onalar bilan muloqot qilish, moliyaviy savodxonlik hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirishga oid “Menejerlik o‘quv kurslari” tashkil etildi.
Joriy yilning 1-fevralidan o‘quv kurslariga start berilgan edi. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan mazkur kurs davomida nomzodlar maktabda o‘quv-tarbiya jarayonini boshqarish, ta’lim menejmenti, o‘zini va o‘qituvchilarini kasbiy rivojlantirish, inson resurslarini boshqarish, ish yuritish va hisobot, jamoatchilik va ota-onalar bilan o‘zaro munosabat, hamkorlik modullari asosida o‘qitildi.

Menejerlik o‘quv kursi tinglovchilari uchun Toshkent shahridagi belgilangan tayanch maktablar va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida “Maktab amaliyoti” mashg‘ulotlari ham olib borildi.
Bunda tinglovchilar auditoriyada o‘rgangan nazariy va amaliy bilimlarini bevosita amaliyotda qanday bajarilishi va rasmiylashtirilishi, ya’ni boshqaruvga doir bilim, ko‘nikmalarni o‘zlari ishtirokida o‘rganib, tajribaga ega bo‘ldilar.
Kurs yakunida tinglovchilar mazkur modullar bo‘yicha yakuniy sinovlarni (test, keys hamda amaliy topshiriqlar)ni topshirdilar.
Bugun kursni muvaffaqiyatli yakunlagan 63 nafar nomzod bitiruvchilarga sertifikatlar topshirildi. O‘quv kurslarining hajmi 144 soatdan iborat bo‘lib, bir oy davom etdi hamda ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etildi.

Menejerlik o‘quv kurs mashg‘ulotlari oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot muassasalari, shuningdek, xususiy va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar tomonidan olib borildi.
Mazkur o‘quv kurslarining o‘quv reja va dasturlari Angliya, Yaponiya, Finlyandiya kabi xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda 6 ta modul asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, bo‘lajak maktab direktorlarining zaruriy boshqaruvga oid bilim va ko‘nikmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
2024-yil 1 sentabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbar hodimlariga sertifikat amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik qo‘shimcha ustamalar quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:
maktab direktorlariga – 50 foiz;
direktor o‘rinbosarlariga – 30 foiz.
N.Usmonova, O‘zA