Men “vahshiy ona” emasman… (+video)
Bundan roppa-rosa 1 yil muqaddam, Toshkent hayvonot bog‘ida ayol kishi uch yoshli qizchasini ayiq qafasiga tashlab yuborgani aks etgan video internetni "portlatdi". Hayvonot bog‘idagi voqea ortidan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan ayolning ismi Zilola To‘laganova. 31 yoshda. Zilola To‘laganova Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutini tamomlagan. Bakalavrda boshqa yo‘nalishda, magistratura bosqichida boshqa yo‘nalishda tahsil olgan.
Ayolning ota-onasi qizining oilasi bir necha yildan buyon notinch ekanini, turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlarida muammolarning borligi qizining ruhiy salomatligiga jiddiy ta’sir qilgani haqida aytib o‘tgan. Zilola bilan bevosita birgalikda ishlagan Yangi Asr avlodi muassisi Erkin Abdurahmonov bilan suhbatimiz davomida ko‘plab badiiy kitoblarning dizaynini yaratgan rassom sifatida eslab o‘tdi.
Bu fojea sodir bo‘lgan kundan buyon ayolni qoralamagan odam qolmadi hisob. Biz ko‘proq voqealarning oqibatlari haqida muhokama qilishga o‘rganib qolganmiz. Muammoning asl kelib chiqish sabablari haqida deyarli fikr yuritmaymiz. Bu fojea sodir bo‘lgan kundan buyon “Milliy tiklanish” partiyasi ovozi eshitilmagan tarafning yonida bo‘lib kelmoqda. Hatto Zilola To‘laganovaning shaxsiy ko‘rgazmasini o‘tkazishga ham muvaffaq bo‘lishdi. Ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zolari, deputatlar, jamoat faollari, OAV vakillari va bevosita voqeaga aloqador insonlar qatnashishdi. Ko‘rgazmaning asosiy tashkilotchisi O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova bilan suhbatlashar ekanmiz, asosiy muammolarimizdan biri bu jamiyatimizda qiz bolaga, ayollarga nisbatan bo‘lgan munosabatda ekanligini ta’kidladi.
Nonsiz qolsa-da kontrakt to‘lagan, loy ko‘chada qizini yelkasida ko‘tarib katta qilgan Otalar haqida ko‘p eshitamiz, ko‘p o‘qiymiz. Hayotda omadi yurishgan ayol-qizlarimiz ortida ko‘pincha tog‘dek suyanch bo‘lib otalari turadi. Aynan Otalaridan "men borman, qizim" degan so‘zlarini eshitib ulg‘aygan qizaloqlar, o‘zlarini himoya qila oladigan darajadagi mustahkam irodali shaxs bo‘lib yetishishadi.
Batafsil
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/B-I4XfheThw" title="Men “vahshiy ona” emasman…" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Biz bugun zo‘ravonlikni oqlashdan yiroqmiz. Shunchaki yuzaga kelgan fojeaning asl sabablariga e’tiboringizni qaratishni istadik, xolos. Zo‘ravonlikni amalga oshirayotgan xoh ayol, xoh erkak bo‘lsin, qonun oldida birdek javobgarlikka tortilishini unutmasligi lozim. Bizni kuzatishda davom eting O‘zingiz va yaqinlaringizni e’tiborsiz qoldirmang.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA