Meksikaning sobiq prezidenti vafot etdi
1970-1976 yillar Meksika Prezidenti bo‘lgan Luis Echeverriya Alvares 100 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu xabarni mamlakatning amaldagi yetakchisi Andres Manuel Lopes Obrador ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida oshkor qilgan.
"Meksika hukumati nomidan olti yil davomida - 1970 yildan 1976 yilgacha Meksika Prezidenti lavozimida ishlagan Luis Echeverriya Alvaresning oilasi, do‘stlariga chuqur hamdardlik bildiraman", - deb yozgan Lopes Obrador.
OAV xabariga ko‘ra, siyosatchi Morelos shtati Kuernavaka shahrida, o‘z uyida jon bergan. Hodisa sababi haqida hech nima deyilmagan.
Echeverriya Alvares Meksikaning Institutsiya-revolyutsiya partiyasi (PRI)da lavozim pillapoyalaridan ko‘tarilgan va 1969 yildagi saylovda prezidentlikka nomzodini qo‘ygan. Shu voqeadan 6 yil oldin u mamlakat Tashqi ishlar vazirligini boshqargan.
Boshqaruv davri 1968 yildagi namoyishchilar shafqatsiz o‘qqa tutilishi davriga to‘g‘ri kelganligi sababli Echeverriya shaxsiga munosabat turlicha. Davlat iqtisodiyotini yuksaltirishdagi yutuqlar avtoritar tizimga asoslangan boshqaruv, siyosiy raqobatchilarga qarshi "nopok kurash" olib borilishi bilan aralashib, bir-biriga zid tasavvur uyg‘otadi. 2006 yilda marhum yetakchi genotsidla ayblandi va to‘liq oqlangunga qadar uch yil uy qamog‘ida o‘tirdi.
Echeverriya rok musiqaga qarshi «urush» ochgan shaxs sifatida ham tarixda qolgan. 1971 yili 300 ming kishi qatnashgan festivalda musiqachilar hukumatga qarshi ruhda chiqish qilishadi. Shundan so‘ng davlat rahbari rok yo‘nalishiga nisbatan radio orqali efirga uzatish, yirik sahnalar va klublarda konsert uyushtirishga taqiq qo‘yadi. Faqat Alvares prezidentlik kursisini tark etgandan keyingina ushbu cheklovlar olib tashlanadi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA