Meksikalik chavandozning maqsadi jiddiy
Bugun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Allyur” ot sport klubida “FEI Jumping Children`s Classic Final-2019” xalqaro bolalar kubogining final bosqichiga start beriladi.
Bugun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Allyur” ot sport klubida “FEI Jumping Children`s Classic Final-2019” xalqaro bolalar kubogining final bosqichiga start beriladi.
Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning 12 davlatidan iqtidorli sportchilar g‘oliblik uchun bahslashishi haqida ma’lumot bergandik. “FEI Jumping Children`s Classic Final-2019” musobaqasi ot sporti bo‘yicha 15 yoshgacha bo‘lgan chavandozlar o‘rtasidagi eng nufuzli turnirlardan biri hisoblanadi va unda o‘z qit’asining eng kuchli chavandozlari ishtirok etmoqda. O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan musobaqada besh qit’adan kelgan 19 nafar chavandoz o‘z omadini sinab ko‘radi.
O‘zA muxbiri musobaqa oldidan xorijlik mehmonlar bilan suhbatlashdi.

Fernando Servantes(murabbiy, Meksika) – O‘zbekistonga parvozimizni Nyu-York orqali amalga oshirdik va ancha yo‘l bosib o‘tishimizga to‘g‘ri keldi. Ammo, bizni bu yerda juda yaxshi kutib olishdi va darhol charchoqlar ham chiqib ketdi. Kecha musobaqalar o‘tadigan jamping bilan tanishdik, bu yerdagi sharoitlar, tuproqni holati mutaxassis sifatida menga ma’qul keldi. O‘zbekistonga kelishimizdan avval yurtingiz haqidagi ma’lumotlar bilan tanishib chiqdim. Ammo hozircha mehmonxona va jampingdan boshqa joyni ko‘rmadik. Lekin hali yurtingizning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilishga ulguraman, deb umid qilaman. Musobaqaga kelsak, albatta maqsadlarimiz jiddiy, qolganini vaqt ko‘rsatadi. Shogirdim Meksikada o‘tkazilgan musobaqada g‘olib chiqib, “FEI Jumping Children`s Classic Final-2019” musobaqasining final bosqichiga yo‘llanma oldi. Uning hozircha eng yaxshi natijasi 1 metru 35 santimetr bo‘lgan. O‘ylaymanki, bu natija unga musobaqada yuqori o‘rinlarga da’vogarlik qilish imkonini beradi.
Saad Vega Kamila (sportchi, Meksika) – O‘zbekistonga eson-omon yetib keldik. Bu yerdagi sharoitlar juda yaxshi. Ayniqsa, musobaqa bo‘ladigan jamping ajoyib darajada. Qur’ada menga Karpus laqabli ot tushdi. U bilan dastlabki mashg‘ulotlarni o‘tkazdik va ot bilan yaxshi til topishdik, deb o‘ylayman. “FEI Jumping Children`s Classic-2019” xalqaro bolalar kubogining final bosqichiga yuksak maqsadlarni ko‘zlab kelganman.