«Mehrobdan chayon» yoxud masjiddagi o‘g‘riliklar
Xalqimiz masjidlarni «Ollohning uyi» deb e’zozlaydi. Asosan Islom diniga e’tiqod qiladigan yurtdoshlarimiz masjidlarni muqaddas bilib, ibodatlarini shu yerda amalga oshirishga harakat qiladi.
Ayniqsa, shu kunlarda – muborak Ramazon oyida masjidlarga talpinayotganlarning son-sanog‘i yo‘q.
Lekin masjidga borayotganlar orasida iymonida qusuri bor odamlar ham yo‘q emas. Chunki masjidlarda namozxonlar ko‘pligidan foydalanib, o‘g‘rilikka qo‘l urayotganlar ham uchrab turibdi.
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida ana shunday ishlardan biri ko‘rib chiqildi.
Sudya Sarvar Mamadiyev raislik qilgan sud majlisida navoiylik I.O.ga nisbatan o‘g‘rilikka oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 1999-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, ayni paytda Navoiy viloyatida doimiy ro‘yxatda turgan bu shaxs Toshkentdagi «Ab-u-saxiy» savdo markazida joylashgan jome masjidiga bomdod namozi payti kirib borgan. Masjid tahoratxonasidagi kiyim qo‘yish joyida turgan kurtkalardan birining cho‘ntagidagi 60 ming so‘m va «Samsung A24» rusumli telefon apparatini o‘g‘irlab, voqea joyini tark etgan.

Boshqa kuni esa Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidi tahoratxonasiga kirib, «Samsung A23» telefon apparatini «qo‘lga kiritgan».
Sudlanuvchi I.O. sud majlisida e’lon qilingan ayblovga to‘liq iqrorlik bildirib, haqiqatan ham masjidlarga kirib, tahoratxonasiga ilib qo‘yilgan ust kiyimlarning cho‘ntaklaridan pul va telefon apparatlarini o‘g‘irlab olganini tan oldi. Pulni o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborganini, telefon apparatlarini esa har birini 500 ming so‘mdan sotib yuborganini ma’lum qildi.
Ayblanuvchi sud jarayonida aslida masjidga namoz o‘qish uchun borganini, lekin tahoratxonada hech kim yo‘qligidan foydalanib, o‘g‘rilik qilganini, shundan keyin namoz o‘qimay masjiddan chiqib ketganini aytar ekan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini, yengilroq jazo tayinlashni, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplab berishini aytdi.
Jabrlanuvchilar Z.Yo. hamda Sh.S. suddan sudlanuvchiga nisbatan qonuniy jazo berishni so‘radi.
– Sud, sudlanuvchi I.O.ning jinoyat sodir etishdagi aybi o‘zining ayblovga to‘liq iqror bo‘lib bergan ko‘rsatuvi va jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlaridan tashqari, ularning arizasi, tushuntirish xatlari, videotasvirni ko‘zdan kechirish, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish bayonnomalari hamda jinoyat ishi bo‘yicha barcha to‘plangan, tekshirilgan, ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtayi nazaridan baholangan dalillar bilan to‘liq isbotlandi, – dedi sudya Sanjar Mamadiyev. – Sudlanuvchi harakatlariga huquqiy baho berib, dastlabki tergov organi tomonidan uning o‘g‘irlik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish jinoyatini sodir etgani alomatlari to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan.
Sud I.O.ga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda, jinoyatlarni g‘arazli maqsadlarda sodir etganini jazoni og‘irlashtiruvchi holat, deb topdi. Aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini esa jazoni yengillashtiruvchi holat, deb baholadi. Sud hukmiga ko‘ra, I.O.ga 6-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud jarayonida ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararlar masalasi muhokama qilindi. Sudlanuvchi I.O.dan jabrlanuvchi Z.Yo. foydasiga 2 million 783 ming so‘m, jabrlanuvchi Sh.S. foydasiga 1,5 million so‘m undiriladigan bo‘ldi.
Ko‘rinib turibdiki, o‘ylamay qo‘yilgan qadam, mehnat qilmay pul topishga intilish, ayniqsa, birovning haqidan qo‘rqmaslik navqiron yoshdagi bir yigitni boshi berk ko‘chaga olib kirdi.
Albatta, kundalik hayotda o‘g‘rilar kam emas. Lekin bu yigitning muqaddas bir dargohda bunday qilmishga qo‘l urgani taassuflanarli. Zotan, masjidlarga odamlar nafaqat ibodat, vaqti kelsa, najot istab boradi. Yoshi ulug‘ otaxonlaridan, ilm ahlidan muammolari yuzasidan fikr, maslahat so‘raydi, va shubhasiz, bu yerda odamlar o‘zini xavfsiz joydaman, deb hisoblaydi.
Shunday joyda jabrlanuvchiga aylanib qolayotganlarni ko‘rib, buyuk yozuvchi Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» iborasi yodga tushadi. Haqiqatan ham, muborak joylarda nomaqbul ish qiluvchilar oramizda yurgan chayonlarga o‘xshaydi.
Norgul Abduraimova, O‘zA