Mehribon ustoz, zahmatkash olim yodi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, falsafa fanlari doktori, professor Said Shermuhamedov tavalludining 95 yilligi munosabati bilan respublika ilmiy seminari tashkil etildi.
“Said Shermuhamedovning ilmiy va ma’naviy merosining avlodlararo vorisiylikni ta’minlashdagi ahamiyati” mavzusida turkum respublika seminarida olimlar, tadqiqotchilar, oliy ta’lim dargohlarining professor-o‘qituvchilari qatnashdi.

E’tirof etilganidek, “Ijtimoiy falsafa” va “madaniyat falsafasi” ilmiy maktabining asoschisi — O‘zbekiston fanlar akademiyasining akademigi, falsafa fanlari doktori, professor, Beruniy nomidagi davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Said Shermuhamedov 1930 yilda Buxoro viloyati Korako‘l tumanida tug‘ilgan.
Samarqand davlat universitetining tarix fakultetida o‘qib, 1957 yilda Ibrohim Mo‘minov ilmiy maktabida madaniyat falsafasi yo‘nalishida faoliyat olib borgan. 1957 yilda falsafa fanlari nomzodi, 1970 yilda falsafa fanlari doktori ilmiy darajasiga, 1980 yilda professor unvoniga sazovor bo‘lgan. Said Shermuhamedov 1962–1965 yillar davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi falsafa ilmiy tadqiqot institutining ilmiy kotibi, 1965–1970 yillarda Vazirlar Mahkamasining madaniyat bo‘limi boshlig‘i, 1980–1984 yillarda O‘zbekiston Respublikasi maorif vaziri, 1984–1985 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi pedagogika ilmiy tadqiqot instituti direktori lavozimlarida mehnat qilgan.

Olim 1985–2000 yillarda O‘zbekiston milliy universiteti falsafa kafedrasi mudiri, 2000–2016 yillarda kafedraning professori, 1989 yildan 2016 yilgacha O‘zbekiston falsafa jamiyati prezidenti lavozimida ishlagan. 15 ta monografiya, 10 ta darslik, 500 dan ortiq ilmiy maqola muallifi. Said Shermuhamedov 1975 yilda “Jamiyat rivojlanishining ijtimoiy-madaniy asoslari” ilmiy maktabiga asos solgan “Ijtimoiy falsafa” va “Madaniyat falsafasi” ixtisosligi bo‘yicha 88 nafar tadqiqotchi falsafa fan nomzodi va 25 nafar tadqiqotchi falsafa fanlari doktoriga ilmiy rahbar bo‘lgan. Ular orasida Malayziya, Eron, Chexiya kabi mamlakatlardan tadqiqotchilarning borligi e’tiborga molikdir.

Said Shermuhamedov asos solgan Ijtimoiy falsafa, madaniyat falsafasi ilmiy maktabining davomchilari yangi O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida professor o‘qituvchilari, davlat va jamoat tashkilotlarining ilmiy xodimlari lavozimlarida faoliyat olib bormoqdalar.
Seminarda mehribon ustoz, zahmatkash olim ilmiy-ma’rifiy merosi haqida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA