Mehr va malakali yordamdan bemorlar mamnun
Mamlakatimizda fuqarolarimizning sogʻligini saqlash borasida keyingi yillarda ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tibbiyot
Mamlakatimizda fuqarolarimizning sogʻligini saqlash borasida keyingi yillarda ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Pandemiya sharoiti bizning sogʻliqni saqlash tizimimizni ham sinovdan oʻtkazmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yilning iyul oyida birgina Toshkent shahri boʻyicha jami 4 ta bemorlarni saralash va taqsimlash markazi faoliyatini boshlagan edi. Ular virusga shubha qilingan bemorlarga aniq tashxis qoʻyish va kasallik darajasini aniqlash, shuningdek, bemorlarga birinchi yordam koʻrsatish va ularni klinikalarga taqsimlashga moʻljallangan.
Toshkent shahridagi “Oʻzekspomarkaz”ning 1 va 2 pavilyonidamiz. 814 ta bemorga moʻljallangan bu markazga har kuni oʻrtacha 380-400 nafar bemor murojaat qilib, shundan 220 dan ziyodiga tashxis qoʻyilib, uyiga ambulatoriya sharoitida davolanishga javob berilsa, qolgan oʻrta va ogʻir ahvoldagi bemorlar statsionar sharoitida davolanishga yotqiziladi.
Shuningdek, har kuni oʻrta hisobda 120-130 nafar yurtdoshimiz sogʻayib, oila davrasiga qaytadi. Markazda barcha qulaylik mavjud. Markaz faoliyati maxsus tanlov asosida saralanib olingan ham harbiy, ham tibbiyot xodimlari guruhi tomonidan amalga oshirilib, guruhga tibbiy xizmat polkovnigi Abduvohid Azimov rahbarlik qiladi.
Barcha harakatlar bitta maqsadga, yaʼni shu maskanga umid ilinjida qadam qoʻygan yurtdoshlarimizni (shu jumladan, harbiy xizmatchilar va oila aʼzolarini ham) sifatli qabul qilish, ularga tezkor tashxis qoʻygan holda kerakli muolajalarni vaqt oʻtkazmasdan boshlash, ularning sogʻu salomat oilasi quchogʻiga qaytib borishini taʼminlash uchun jonbozlik koʻrsatishga qaratilgan.
Markazning uzun koridori 5 va 6 qatordan iborat, usti ochiq, yon tomonlari yopilgan va old qismi oppoq choyshab bilan toʻsilgan, bir xil tartibda joylashtirilgan, ichi eng zarur vositalar, jumladan UTT, rentgen, kislorod apparatlari bilan jihozlangan, alohida vagoncha xonalar karvoni tizilgan. Har bir qator va vagoncha oʻng tomonining yuqori qismida aniq tartib-raqamlar belgilanib, antiseptik moslamalar oʻrnatilgan. Shifokordan tortib, oddiy tibbiyot xodimlarigacha maxsus ust-bosh bilan taʼminlagan.
Bir xonada shifokor bemorni diqqat bilan eshityapti, boshqasida hamshira birinchi shoshilinch yordamni koʻrsatyapti, yana birida belgilangan muolajalar davom ettirilmoqda, boshqa bir xodim esa, bemorlarga issiq choy va sharbatlar yetkazish bilan mashgʻul.
Shifokoru hamshiralarning chiroyli muomalasidan insonlar bir pas boʻlsa-da, oʻz kasalliklaridan forigʻ boʻlgandek goʻyo... Bu yerda kunning maʼlum vaqtida uch-toʻrt marotaba oʻpkani nafas oldirish mashqlarining tashkil etilganligi ham bemorlar sogʻligi tezroq tiklanishiga yordam bermoqda.
Biz bemorlarning ayrimlarini suhbatga tortdik:
Natalya Alyoshenskaya, nafaqaxoʻr (Toshkent shahri):
–Shu yilning 3-oktyabrida Mudofaa vazirligiga tegishli boʻlgan mazkur markazga ikki tomonlama zotiljam kasalligi, yaʼni oʻpkaning 30 foiz zararlanishi tashxisi bilan murojaat qildim. Zudlik bilan boʻlimga joylashtirishdi va tezkor muolajalarni boshlab yuborishdi. Meni tibbiy xodimlarning samimiyligi, oʻz ishini sidqidildan bajarishi, koʻtarinki kayfiyati judayam quvontirdi.
Suhbatni Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchisi Bahodir Ishmuradov davom ettiradi:
–Bir haftadan buyon davolanayapman. Bu yerda xodimlarning ishi sutka davomida tashkil etilgan. Hamshiralarning intizomi,tartibli ishlashidan hayratlanasiz. Tibbiyot xodimlarining xushmuomalasi bemorlarning kasallikni qisqa muddatlarda yengib oʻtishiga, oʻziga ishonchi ortishiga, tushkunlik kayfiyatini yengishiga sabab boʻlmoqda, deb oʻylayman.
Mahmarahim Mahmudov,pensioner (Chirchiq shahri):
–Koʻpchiligimiz kasalxonaga birovni yoʻqlab borsak, uyda yoki biror nomi chiqqan oshxonada tayyorlangan ovqat olib borishga oʻrganganmiz. Lekin bu yerda tarqatilayotgan ovqat sifati jihatdan hech bir oshxona taomidan kam emas. Tegishli autsorsing tashkiloti tomonidan uch mahal suyuq va quyuq ovqat alohida bejirim qilib qadoqlangan ekologik toza bir martalik polietilen qadoq qutilarda yetkazilmoqda.
Obid Rahimov va Muhabbat Norova (Qashqadaryo):
– Bu yerga er-xotin ikkimiz ogʻir ahvolda va yuqori isitma bilan kelib tushdik. Tibbiyot xodimlarining bir haftalik tinimsiz va fidokorona saʼy-harakatlari natijasida oʻzimizga keldik va bunday mehrli insonlardan mingdan-ming rozimiz.
– Men bu yerda toʻrtinchi kun davolanmoqdaman. Muolajalarni oʻz vaqtida muntazam olayapman – deydi oʻpkasi 45-50 foizga shikastlangan 43 yoshli bemor Yuliya Glabchenko. – Asosiy dori vositalari va tibbiy jihozlar byudjet hisobidan toʻlaligicha taʼminlangan. Muhimi, oʻzimni ancha yengil his qilmoqdaman. Tibbiyot xodimlarining barchasi birdek xushmuomalada boʻlib, sidqidildan yordam berishga tayyorliklarini namoyon etishmoqda.
7 boʻlim boshligʻi, tibbiy xizmat podpolkovnigi Marat Jumaniyozov boshchiligidagi tibbiyot xodimlari tarkibining jonkuyarligini alohida eʼtirof etish joiz. Shifokor-mutaxassislar Gulchehra Sayfullayeva, Quvonchbek Almatov, Dilshod Oʻrinov, serjant Mansurbek Abdullayev, hamshiralar Nazokat Inagamova, Umida Masaliyeva, kichik tibbiy xodim Farhod Mamanazarovlarning oʻz ishini puxta bilishi, kasbga mehru muhabbati, qolaversa, samimiyligi va insoniylik fazilatlari bemorlar tomonidan minnatdorlik soʻzlari bitilgan daftarda ham oʻz ifodasini topgan.
– Davlatimiz yaratib bergan shart-sharoitlardan foydalanib, yurtdoshlarimizdan qoʻldan kelguncha oʻz mehr va tajribamizni ayamayapmiz, – deydi biz bilan suhbatda oliy toifali shifokor-infeksionist Nilufar Amirqulova. – Shu bilan birga, ayrim nozik jihatlarimiz ham boʻy koʻrsatib qolmoqda, chunonchi, aksariyati oʻz bilganicha tashxis qoʻyib, mustaqil uyida davolangan, kasallikni ancha oʻtkazib yuborgan, shuningdek, yondosh kasalliklar bilan ogʻrib murojaat qilgan keksa yurtdoshlarimiz ham koʻp. Albatta, ularda ayb yoʻq, shuning uchun biz qoʻlimizdan kelgunicha samimiy muomalamiz, bor kuch-bilimimiz va malakamizni ishga solib tezkor hamda ishonch bilan yordam berishga harakat qilyapmiz.
Qoʻshni qatordagi vagoncha- xonada ajnabiy tilda soʻzlashayotgan ikki nafar xorijlik eʼtiborimizni tortdi. Ular 1973-yilda tugʻilgan Fang Ming Song hamda 1980-yilda tavallud topgan Lu Xiaxuy ismli Xitoy davlatining Guanchjou shahridan respublikamizga shartnoma asosida ishga kelgan quruvchilar ekan. Ular bizga quyidagilarni gapirishdi:
–Bizga sifatli tez yordam koʻrsatishdi, soat mexanizmidek belgilangan vaqtda xabar olib turishibdi. Muolajalar biznikiga nisbatan farq qilarkan. Bu yerda xuddi Yevropadagidek dori-darmon va ukol bilan davolasharkan. Ovqatlaringiz xushtaʼm ekan, sekin-asta koʻnikayapmiz. Umuman, ahvolimiz ancha oʻnglandi, yaxshimiz, shifokorlarga rahmat!.
...Xonadoshim Mudofaa vazirligi havo hujumida mudofaa qoʻshinlariga qarashli harbiy qismlardan birining serjanti Habibullo Shukurov koʻrkam, alp qomat, lekin soʻzlari dalli-gʻulli, har qanday yasamadan xoli yigit ekan.
Birdaniga topishib ketdik. U bilan Vatanimiz ravnaqi, bugungi kun va ertangi rejalar haqida suhbatlasharkanmiz, qoʻqqisdan oʻylanib turdi-da, dilidagilarni toʻkib sochdi: “Meni ota-onam, maktabda muallimlarim tugʻilib oʻsgan yurtimni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, uning chegarlarini turli koʻrinadigan va koʻrinmaydigan balo-qazolardan saqlash ruhida tarbiyalashgan. Nasib etsa, bu yerdan kuchga toʻlib, sogʻayib harbiy qismga qaytganimdan soʻng, toki tanamda jonim, bilagimda kuchim bor ekan, ortimda turgan ezgu niyatli xalqim, doimo duoda boʻlgan xokisor ota-onam, Prezidentim ishonchini oqlashga astoydil harakat qilaman”.
Xalqimizda katta haqiqatni bilmoqchi boʻlsang, avval kichiklariga razm sol, degan gap bor. Zero, “Oʻzekspomarkaz”dagi mavjud holat butun mamlakatdagi manzara toʻgʻrisida tasavvur etish imkonini bergan boʻlsa, ajabmas...
Obiddin MAHMUDOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi