Mehr ummonimda yuksalgan bayroq
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Yoshlar ishlari agentligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
“Muqaddasdir Vatan bayrog‘i!" deb nomlangan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining yurtimiz ma’naviy hayotidagi o‘rni va ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bayroq davlat ramzi, kuch-qudrat ifodasi, shu davlat fuqarolarining esa tengsiz va farahbaxsh ma’naviy-estetik boyligidir. E’tirof etish joizki, bayroq davlat ramzlaridan biri sifatida jahon miqyosida qanchalik rasmiy nufuz va milliy ahamiyat kasb etsa, har bir yurtdoshimizning ishonchu iftixorini namoyon qilishda shunchalik xalqona salohiyatga ega.
Yurt farzandlari shu bayroq ostida birlashadilar. Ilm-fan va sport olimpiadalarida, xalqaro musobaqalarda, muntazam ravishda bo‘lib o‘tadigan murosasiz bellashuvlarda ishtirok etar ekanlar, milliy bayroqdan ma’naviy-ruhiy quvvat oladilar.
Milliy bayrog‘imiz xalqaro minbarlarda hilpirab turishi yangilanayotgan O‘zbekistonimizga dunyodagi e’tibordan darak beradi. Sportchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan turli bellashuvlarda qadimiy va mag‘rur yurtimiz timsoli sifatida farzandlarimizni yuksak g‘alabalarga ilhomlantiradi. Bugungi kunda jahonning turli qit’a-mintaqalarida, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa ko‘plab jahon miqyosida xalqaro nufuz va salohiyat kasb etgan idora-muassasalarda, shuningdek, mamlakatimizning barcha shahar-kentlari markazlarida, bir-biridan ko‘rkam va muhtasham binolarimiz peshtoqlarida O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i hilpirab turibdi.
– Bayroq haqida so‘z borganida ijodkor qalbidan ilhom jo‘sh uraveradiki, buni ta’riflash qiyin, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira Zulfiya Mo‘minova. – O‘z mustaqil Vatani, bayrog‘i bo‘lishini orzu qilgan bobolarimiz haqi-hurmati uchun ham bayrog‘imiz jahonning eng nufuzli tashkilotlarida, mamlakatimizning gavjum, fayzli go‘shalarida hilpirab turishi kerak.
Ma’rifiy tadbirda mustaqilligimiz, yangilanayotgan Vatanimiz, Davlat bayrog‘imizni madh etuvchi she’rlar, kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Nazokat Usmonova, O‘zA