“Mehr nuri yog‘ar doim yuzingizdan, ustozlar”
Jizzax davlat pedagogika universiteti madaniyat markazida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Mehr nuri yog‘ar doim yuzingizdan, ustozlar” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax viloyat bo‘limi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Jizzax davlat pedagogika universiteti hamda Jizzax garnizonidagi harbiy qism hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ustoz va murabbiylar, harbiy xizmatchilar, yoshlar, ijodkorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida oktabr oyining birinchi o‘n kunligida o‘tkazilayotgan “Qatag‘on qurbonlari” xotirasini yod etishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar dastlab “Qatag‘on qurbonlari” muzeyiga tashrif buyurdi. Muzeyda namoyish etilgan tarixiy hujjatlar, eksponatlar va arxiv materiallari orqali yurtimiz tarixining murakkab va fojiali davrlari haqidagi ma’lumot berildi.
Ekskursiya davomida qatag‘on yillarida jabr ko‘rgan, xalq va Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan ziyolilar, olimlar, shoir va yozuvchilarning hayoti va taqdiri haqida so‘z yuritildi. Ularning ilmiy, ijodiy va ma’rifiy merosi, milliy taraqqiyot yo‘lidagi faoliyati haqida ma’lumotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bunday ma’rifiy tashriflar yoshlarda tarixiy xotirani asrash, ajdodlar merosiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, istiqlol ne’matining qadriga yetish kabi muhim fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
[gallery-31738]
Shundan so‘ng tadbirning tantanali qismi boshlandi. Marosim harbiy orkestr jamoasi ijrosida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi bilan ochildi.
Tadbirda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax viloyat bo‘limi raisi so‘zga chiqib, ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Ta’lim va tarbiya sohasida mehnat qilayotgan fidoyi insonlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, yosh avlod kamolotidagi beqiyos hissasi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, hamkor tashkilotlar vakillari ham ustozlarni qutladi.
Darhaqiqat, ustoz mehnati samarasi bir kun yoki bir yil bilan o‘lchanmaydi. Uning bergan bilimi, hayotiy saboqlari, yo‘l-yo‘riq va nasihatlari shogirdning butun umri davomida unga hamroh bo‘ladi. Bugun turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan mutaxassislarning kamolotida ustozlarning mashaqqatli mehnati va mehri mujassam.
Tadbirning badiiy qismi ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Harbiy orkestr jamoasi ijrosidagi dilrabo kuylar, yosh ijodkorlarning Vatan, ustoz, mehr-oqibat va ezgulikni tarannum etuvchi qo‘shiqlari yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Ayniqsa, yosh iste’dod egalarining sahnadagi chiqishlari tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Kuy-qo‘shiqlar orqali ustozlarga bo‘lgan ehtirom va minnatdorlik tuyg‘ulari yana bir bor ifoda etildi.
Tadbirda ustozlik kasbi nafaqat bilim berish, balki yosh avlodni vatanparvarlik, insonparvarlik, mehr-oqibat va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdek yuksak mas’uliyat ham ekani ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ta’lim va tarbiya sohasida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan ustoz va murabbiylarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ustoz jamiyatning ma’naviy poydevorini mustahkamlaydigan, avlodlar o‘rtasidagi ezgulik va bilim rishtalarini bog‘laydigan ulug‘ kasb egasidir. Uning mehnati samarasi shogirdlarining yutuqlari, jamiyat taraqqiyoti va yurt kelajagida namoyon bo‘ladi.
“Mehr nuri yog‘ar doim yuzingizdan, ustozlar” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir ham ana shu yuksak qadriyatlarni o‘zida mujassam etdi. Ustozlarga ehtirom, tarixiy xotiraga sadoqat va yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash g‘oyalari uyg‘unlashgan tadbir ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldirdi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari