Mehnatidan qadr topgan ustoz
O‘qituvchilik sharafli va mas’uliyatli kasb. U o‘z zimmasidagi vazifani ado etishga nafaqat bilimi, salohiyati, balki qalb qo‘rini, mehrini baxshida etib, kasbining fidoyisi bo‘lsagina, u el-yurt orasida e’zoz, hurmat-e’tibor topa oladi.
Yurtimizda kasbining fidoyisi bo‘lib, uzoq yillar davomida ibratli faoliyat yuritib kelayotgan, kasbi ortida e’zoz va qadr topayotgan o‘qituvchilar juda ko‘p. Ulardan biri Marhamat tumanidagi 31-ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatining matematika fani o‘qituvchisi Xayitboy Salimovdir.
Qariyb yarim asrdan buyon muallimlik kasbini ulug‘lab kelayotgan ustoz Xayitboy Salimov Marhamat tumani Qovunchi qishlog‘ida joylashgan 25-o‘rta maktabda tahsil olgan. Bolaligidan muallim bo‘lishni niyat qilgan Xayitboy maktabni tamomlab, 1972 yilda Andijon davlat pedagogika instituti (hozirgi Andijon davlat universiteti)ning matematika fakultetiga o‘qishga kiradi. Institutda ustozlaridan fanning, pedagog kasbining o‘ziga xos jihatlarini puxta o‘rgandi. Oliy o‘quv yurtini muvaffaqiyatli tamomlagagach, yosh mutaxassis mehnat faoliyatini ona qishlog‘idagi, o‘zi o‘qigan 25-o‘rta maktabda o‘qituvchilikdan boshladi.

O‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashgan yosh mutaxassis ustozlaridan kasb sirlarini puxta o‘rgandi, yillar davomida o‘zining bilim, malaka va tajribasini boyitdi. Darslarni qiziqarli, ko‘rgazmali vositalar asosida o‘tishga alohida e’tibor qaratdi.
O‘tgan asrning 80-yillariga kelib, Xayitboy Salimovning o‘quvchilari tuman, viloyat olimpiadalarida yuqori natijalarga erisha boshladi. O‘z sohasining yetuk mutaxassisiga aylangan qahramonimizning ish uslublari tuman, viloyat miqyosida ommalashtirildi, faoliyati bo‘yicha viloyat seminarlari o‘tkazildi. Ana shu tariqa ustoz muvaffaqiyatlarining salmog‘i ortib bordi.
– Mehnat faoliyatimdagi birinchi katta muvaffaqiyat 1983 yilda bo‘lgan edi, – deya xotirlaydi ustoz Xayitboy Salimov. – O‘shanda o‘quvchilarim sobiq ittifoq miqyosida chop etiladigan “Matematika v shkole” jurnali tomonidan o‘tkazilgan fan musobaqasida faxrli 3-o‘rinni egalladi. Bu o‘sha vaqtda juda katta yutuq edi. Keyinchalik mehnatlarim samarasini shogirdlarimning muvaffaqiyatlarida ko‘ra boshladim. Keyinroq o‘quvchilarimdan Manzuraxon Yaqubova respublika fan olimpiadasida sovrindor bo‘ldi. Bu kabi yutuqlar talaygina. Har bir shogirdimning yutug‘i menga hamisha kuch, shijoat bergan, kasbimdan faxrlanganman.

Ustoz 1998 yilda tumandagi 31-ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatiga ishga o‘tdi. O‘shandan buyon ushbu dargohda yoshlarga puxta bilim berib kelmoqda. Tajribali, mohir matematik Xayitboy Salimovning o‘quvchilari ko‘p yillardan buyon oliy o‘quv yurtiga kirishda respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelmoqda.
Faoliyati davomida ko‘plab shogirdlar tayyorladi. Yosh o‘qituvchilarga ustozlik qildi. Bundan tashqari, ustoz qator yillar davomida matematika fani bo‘yicha tuman, viloyat va respublika fan olimpiadalarini o‘tkazishda ekspert sifatida faol ishtirok etdi. Respublika va xalqaro miqyosdagi seminar va konferensiyalarda qatnashdi. Fan yo‘nalishidagi ishlari, tashabbuslari viloyat miqyosida bir necha bor ommalashtirildi.
Bugungi kunda Xayitboy Salimov Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining matematika darsliklari bo‘yicha eksperti sanaladi. Ustoz samarali mehnatlari bilan “Metodist o‘qituvchi”, “Xalq ta’limi a’lochisi” unvonlariga sazovor bo‘lgan.
Xayitboy Salimov nafaqat kasbining fidoyisi, o‘z ishining malakali mutaxassisi, balki ko‘plar havas qilsa arziydigan ibratli oilaning sohibi hamdir. U turmush o‘rtog‘i Oyparxon aya bilan 2 qiz, 3 o‘g‘il – 5 nafar farzandni tarbiyalab, el qatoriga qo‘shdi. Bugun farzandlaridan uch nafari otalarining kasbini egallab, yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Katta farzandi Ra’noxon Salimova esa o‘zi bilan birga bitta ta’lim dargohida mehnat qiladi.
Ko‘p yillardan buyon samarali faoliyat olib borayotgan faxriy muallim nafaqat hamkasblari, balki mahalla-ko‘y, keng jamoatchilik o‘rtasida ham katta hurmat-e’tibor topgan. Qolaversa, uning samarali mehnatlari hukumatimiz tomonidan e’tirof etilib, O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
– Menday keksa bir o‘qituvchining mehnatlari e’tirof etilganidan behad xursand bo‘ldim, – deydi ustoz Xayitboy Salimov. – Kasbidan, mehnatidan qadr topish barchaga nasib etsin. Menga berilgan “Shuhrat” medali e’tibor, e’tirofning namunasidir. Inson qadri ulug‘lanayotgan, o‘qituvchi, ilm, fan vakillari e’zoz topayotgan yurtimiz hamisha tinch va obod bo‘lsin.
Davlatimizning yuksak mukofotlaridan biri bilan taqdirlangan Xayitboy Salimov kabi fidoyi, faxriy ustozlar hamisha omon bo‘lsin.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari