Mehnatidan hurmat topayotganlar
Buni Xatirchi tumanidagi “Mamarasul bobo 22” fermer xoʻjaligi rahbari Shakarboy Mamarasulov faoliyati misolida ham koʻrish mumkin.
Soʻnggi yillarda yurtimizda qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bobo dehqonlarimiz va fermerlarimizning yerga egalik huquqini mustahkamladi. Mehnatidan huzur-halovat topishiga imkoniyat yaratdi.
Buni Xatirchi tumanidagi “Mamarasul bobo 22” fermer xoʻjaligi rahbari Shakarboy Mamarasulov faoliyati misolida ham koʻrish mumkin. 20 yildirki, yer bilan tillashib, xalqimizning rizqi butun boʻlishiga hissa qoʻshib kelayotgan qahramonimiz rahbar boʻlgan fermer xoʻjaligida amalga oshirilayotgan ishlarni koʻrib, u nafaqat jamiyatimizning faol ishchisi, balki farovon hayotimizning bunyodkorlaridan biri ekaniga amin boʻldik. 2019-yilning ob-havosi biroz noqulay kelganiga qaramay, ham gʻalla, ham paxtadan moʻl hosil olgan fermer, joriy yilgi gʻallani ekib boʻlgach, bor eʼtiborini chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik kabi tarmoqlarni rivojlantirishga qaratdi.
– 2019-yil fermer va dehqonlar uchun yaxshi yil boʻldi. Paxta va gʻalla tayyorlash rejalarini oshigʻi bilan bajardik. Har gektar maydondan 60 sentnerdan gʻalla oldik. Oʻzimizning omborimizga ham 60 tonna gʻalla toʻkdik. Shundan 20 tonnadan ziyodini ishchilarimizga berdik. Har gektardan 35 sentnerdan paxta yetishtirdik. 90 tonna oʻrniga 100 tonna 1 sort paxta topshirdik. Fermer xoʻjaligimiz urugʻchilikka ixtisoslashgan, gʻalla va paxta rejalarini hamisha 110-120 foizga bajarib kelayapmiz. Ishchilarimiz oʻz vaqtida maoshini oladi. Ularning oʻz tomorqalaridagi ishlari ham badastir. Fermer xoʻjaligidagi 20 yillik mehnatim Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan eʼtiborga olinib, “Ilgʻor fermer” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim, – deydi xoʻjalik rahbari Shakarboy Mamarasulov.
Navoiy viloyatida tomorqasidan unumli foydalanadigan, oilasi farovonligi, bozor toʻkinligiga munosib hissa qoʻshayotgan yurtdoshlarimiz koʻpchilikni tashkil etadi. Xususan, Xatirchi tumanida istiqomat qilayotgan Qahramon Gʻoipov tomorqasidagi 4 sotix yerda issiqxona tashkil qilib, poliz koʻchatlarini parvarishlamoqda. Tomorqasidagi sara mahsulotlarni tez kunlarda bozorga olib chiqishga taraddudlanayotgan Qahramon aka tomorqa daromad manbai ekanini yaxshi biladi. Hozir issiqxonada pomidor, bulgʻor qalampiri va karam koʻchatlari parvarishlanmoqda. Bundan tashqari, tomorqada kartoshka, sabzi va turli koʻkatlar ekilayotgan boʻlib, oila aʼzolarining bandligi ham taʼminlangan.
Bir soʻz bilan aytganda, tumanda tomorqa madaniyati yildan-yilga yuksalib, oilalar daromadi oshmoqda. Har ikki xonadonning birida issiqxona tashkil etilgan, kimdir koʻchat yetishtirish, yana kimdir gulchilik bilan shugʻullanib, qoʻshimcha daromadga ega boʻlmoqda. Shu orqali, oilasi farovonligini taʼminlashga intilmoqda. Natijada bozorlarimizda yilning toʻrt faslida turli sabzavot va mevalar muhayyo.
– Prezidentimizning qishloq aholisiga qilayotgan gʻamxoʻrligi tufayli kredit olib, issiqxonalar qurdik. Oilamiz bilan koʻchat yetishtirib, elimiz dasturxoniga yetkazib berayapmiz. Bulgʻor qalampiri, pomidor, bodring, baqlajon, shuningdek, karam koʻchatini ertangi qilib ekkanmiz, shu kunlarda qoʻlma-qoʻl sotilmoqda. Eng asosiysi, oilamiz, bolalarimiz ishli. Mehnatimiz orqali hukumatimiz nazariga tushib, “Namunali tomorqachi“ koʻkrak nishoniga sazovor boʻldim, 50 foizli soliqlardan ozod etildik, – deydi tomorqa egasi.
Qahramon Gʻoipov xonadonida boʻlib, tomorqadan samarali foydalanish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishgan Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ishchi guruhi viloyatning barcha tumanlarida qishloq xoʻjaligi ekinlarini hududlarning iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda joylashtirish boʻyicha tizimli ravishda ish olib bormoqda.
Jahongir GALAYEV,
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi yetakchi mutaxassisi