Mehnatda hikmat ko‘p: tomorqadan o‘rtacha 70 million so‘m sof daromad
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida ishning ko‘zini biladigan tadbirkorlar soni anchagina. “Sarvinoz Mashhura shod dil” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sarvinoz G‘ofurjonova yosh bo‘lsada o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan. U o‘tgan yilda “Zarkent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etib, 200 dan ziyod xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minladi.
Yillik 650 ming donadan ziyod tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona loyihasi tadbirkorning 5 milliard so‘m o‘z mablag‘lari hamda 1 milliard so‘m bank krediti hisobidan amalga oshirildi. Korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlarga hozirdanoq Rossiyaning yirik savdo tarmoqlaridan buyurtmalar kelib tushmoqda.
– Birgina o‘tgan yilda tumanimizda mingga yaqin yangi tadbirkorlik sub’ektlari ishga tushirildi, – deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Kamoliddin Umarov. – “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 641 nafar fuqarolarga 14,7 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. Sanoat yo‘nalishida 13 ta loyiha asosida qishloq joylarida yangi ish o‘rinlari yaratildi. 281 nafar fuqarolarga 842 million so‘m subsidiya mablag‘ ajratildi. Endilikda mahallalarda ish boshlagan hokim yordamchilari bu kabi ishlarda aholiga yaqindan ko‘mak bermoqda.
[gallery-5409]
Mahallalarda “o‘sish nuqtalari” aniqlanib, manzilli dasturlarni ishlab chiqish choralari ko‘rilmoqda. Tumanning har bir mahallasida tomorqadan foydalanishda yaxshi tajriba to‘plangan. “Zarkent”, “Yangiyo‘l”da limonchilik, “Yakkatut”, “Varzak”da qalampir, bulg‘or ko‘chatlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. “Axshak” mahalla fuqarolar yig‘inida 460 ta xonadon bo‘lib, ularning 200 tasida issiqxona bor. Bu mahallada to‘rt mavsumda ham bekorchi kishini uchratmaysiz. Aholi o‘z tomorqasidagi kaftdek yerdan mo‘may daromad olmoqda. Mahallaga hokim yordamchisi lavozimiga tayinlangan Muhriddin Botirov har bir xonadondagi tomorqadan samarali foydalanib, issiqxonalarni tashkil etish harakatida. Tomorqa hududning asosiy “drayveri” sifatida belgilanmoqda. Bunda omilkor oilalarning tajribalari muhim o‘rin tutadi.
Xosiyatxon aya Olimova xonadoniga barcha havas bilan qaraydi. Tomorqasidagi issiqxonalarda kashnich, ukrop, ismaloq, rediska yetishtirilmoqda, shu bilan birga qalampir, bulg‘ori ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Kenja farzandi Nuriddin bu ishlarning haqiqiy mirishkori. Uning aytishicha, hozirda 10 ming dona ko‘chatlar sotuvga tayyor. 42 kvadrat maydonda o‘rtacha 9 million so‘mlik ko‘chat yetishtirish mumkin ekan.
–O‘tirgan odam o‘tiraveradi, mehnatda hikmat ko‘p, – deydi Xosiyatxon aya. – Ishlasangiz uyda ham baraka bo‘ladi. Mana ko‘rib turibsiz, tomorqamizda biror bo‘sh joy yo‘q. Har bir mahsulotimizning xaridori bor. Uydan o‘zlari olib ketishadi. Mazkur oila bir yilda tomorqadan o‘rtacha 70 million so‘m sof daromad olmoqda. Albatta, bu mehnat samarasi. Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida bu kabi ezgu sa’y-harakatlar yana quloch ochib, har bir mahalla o‘zining rivojlanish “drayveri” ga ega bo‘ladi.
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA