Mehnat qilgan kam bo‘lmaydi
Mustaqilligimizning o‘ttiz ikki yilligi arafasida Prezidentimizning tegishli farmoni bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhi mukofotlandi.
Buxorodagi “Merganteks” MCHJ shaklidagi paxta-to‘qimachilik klasteri bosh direktori Ibrohim Hamroyev ham “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.

“Merganteks” MCHJ dastlab o‘n nafar ishchi bilan ish boshlagan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni ming nafardan oshdi. Ayni paytda korxonaga 25 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etilgan. Qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat tarmoqlarida yetishtirilayotgan mahsulot hisobidan eksport salmog‘ini 20 million AQSH dollaridan oshirish maqsad qilingan. Uch yil oldin mazkur agroklaster tomonidan Xitoy davlatidan plyonka ostiga chigit ekishga mo‘ljallangan 20 ta zamonaviy ekishgich — agregat uskunasi xarid qilingan. Agroklasterda umumiy qiymati 5 million AQSH dollariga teng tomchilatib sug‘orish qurilmalari va ular uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi. Ayni kunda “Merganteks” MCHJ da fermer xo‘jaliklari dalalariga o‘rnatilayotgan nasos agregatlari, hovuzlar uchun membrana qoplamalari, gidrant, filtr, qator oralariga tortilayotgan shlanglar, elektr ta’minotida transformatorlar holati o‘rganilib, zarur detallarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Mazkur agroklaster tomonidan 1 ming 300 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish joriy etilgan. Natijada suv sarfi kamayib, yerning unumdorligi oshirilayotgani xo‘jaliklar moddiy manfaatdorligini ham oshirmoqda. Ayrim fermer xo‘jaliklari paxtadan 70 sentnergacha hosil olinmoqda.

Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutida “Merganteks” MCHJ shaklidagi paxta-to‘qimachilik klasteri bosh direktori Ibrohim Hamroyev ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda shular haqida so‘z bordi.
Institut jamoasi va talaba yoshlar bilan bo‘lgan samimiy muloqotda Ibrohim Hamroyev o‘zining hayot yo‘li, talabalik davri, mehnat faoliyati to‘g‘risida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va paxtachilik sanoatida erishayotgan yutuqlari, faoliyati davomida boshidan kechirgan qiyinchilik va mashaqqatlari, amalga oshirgan loyihalari hamda “Merganteks” MCHJ shaklidagi paxta-to‘qimachilik klasteri xususida to‘xtaldi.

Muloqot davomida murakkab iqlimi va suv tanqisligi yaqqol sezilayotgan viloyat qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida ekinlarni sug‘orishning innovatsion, resurs tejamkor usullarini joriy etish, bu orqali mahsuldorlikni oshirish bo‘yicha fikr mulohazalarini bildirildi. Xususan, qishloq xo‘jaligining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan paxtachilikda hosil yetishtirish texnologiyasi, ilmga asoslangan ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalarning afzalliklari to‘g‘risida ma’lumot berib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuvda talaba yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga klaster rahbaridan batafsil javob oldi.
Zarif Komilov, O‘zA