Mehnat ortidan kelgan e’tirof
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Citrus city” MCHJ direktori Nosirjon Bekmurodovning hayot va mehnat yo‘li tadbirkorlik, izlanish va qat’iyat namunasidir.
Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan N. Bekmurodov qariyb 20 yil kasbiy ta’lim sohasida faoliyat yuritgan. Shu bilan birga, yerdan samarali foydalanish, zamonaviy bog‘dorchilikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratgan.
Dastlab xonadon tomorqasidagi 30 sotix maydonda limon yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkor 2020-yilda samarasiz bog‘lar o‘rnida 1,5 gektar maydonda limonariya tashkil etib, “Citrus city” korxonasiga asos soldi.
Bugungi kunda issiqxona maydoni 8 gektarga yetgan. Korxonada 50 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Mavsumiy ishlar davrida esa 200 nafarga yaqin aholi mehnat qilib, daromad oladi.
[gallery-30939]
Uch yil avval sodir bo‘lgan noxush voqea oqibatida Nosirjon Bekmurodovning sog‘ligida jiddiy muammolar yuzaga kelib, harakatlanish imkoniyatlari cheklangan. Shunga qaramay, bu holat uning tadbirkorlik faoliyatini davom ettirishi va yangi maqsadlar sari intilishiga to‘sqinlik qilmadi.
Ayni paytda tadbirkor 100 tonna sig‘imga ega muzlatkichli ombor tashkil etish, mahsulotlarni saqlash imkoniyatlarini kengaytirish hamda mahalliy limonni xorijiy bozorlarga eksport qilishni rejalashtirmoqda.
Nosirjon Bekmurodovning ko‘p yillik samarali mehnati, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasi munosib baholandi. U Prezidentimizning tegishli farmoyishi asosida “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA