Mehnat kodeksi: imtiyoz va imkoniyatlar
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari, vazirlik, korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axboroot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Z.Ibragimova, Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari B.Matmuratov, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov so‘zga chiqib, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, undagi qo‘shimcha imtiyoz va imkoniyatlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mehnat munosabatlariga nisbatan yangicha yondashuvlar yuzaga keldi. Mulkdorlar va ish beruvchilarning soni keskin oshdi. Hatto jismoniy shaxslarga ham ish beruvchi maqomi berildi. Bularning barchasi mehnat bozorida ham yangi islohotlarni talab etadi.
Bunday sharoitda mehnat qonunchiligini modernizatsiya qilish bilan bog‘liq vazifalarni amalga oshirish davr talabi hisoblanadi. Shu jihatdan yangi Mehnat kodeksi loyihasi ishlab chiqildi va bu jarayonda 10 dan ortiq xalqaro tashkilot, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari, 60 dan ziyod davlat tajribasi o‘rganildi.
Yangi kodeksda xodimlarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishga bag‘ishlangan normalar kiritildi. Ushbu normalarning amalga oshirilishi xodimlarning shaxsiy ma’lumotlari daxlsizligiga bo‘lgan qonuniy huquqlarini to‘liq himoya qilish imkonini beradi. Shuningdek, qisman ish haqi bilan ta’til berish tartibi belgilandi. Bu esa ekstremal vaziyatlarda, shu jumladan pandemiyaga qarshi choralarni amalga oshirishda moslashuvchanlikni ta’minlaydi.

Ilgarigi Mehnat kodeksiga asosan, yillik asosiy ta’til muddati o‘n besh ish kunini tashkil etadi. Yangi tartibga binoan, yillik asosiy mehnat ta’tili davomiyligining eng kam muddati yigirma bir kalendar kuni etib belgilandi va xalqaro standartga muvofiqlashtirildi. Yangi kodeksda xodim va ish beruvchining huquq hamda majburiyatlari to‘liq jahon standartlariga moslashtirgan holda belgilab berilgani qayd etildi.
Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev ishtirok etdi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA