Mehnat faxriylari sayohatdan mamnun bo‘ldi
O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Markaziy kon boshqarmasi ma’muriyati va birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan qirq nafardan ortiq mehnat faxriylari uchun yangidan barpo etilgan 5 va 7-gidrometallurgiya zavodlari, “Muruntov” koni va Ishchilar shaharchasiga sayohat uyushtirildi.
Ishtirokchilar yangi O‘zbekistonning yangi zavodlari, yosh mutaxassislarning zamonaviy texnologiyalarni mahorat bilan boshqarayotganligi, ishchi-xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.


– Men ko‘p yillar konchilik sohasida ishlaganman. Kon sanoati, ishlab chiqarish, qo‘llaniladigan texnologiyalar bilan yaqindan tanishman. Lekin bugun biz guvoh bo‘lgan 5 va 7-gidrometallurgiya zavodlari mutloqo yangi uslubda, zamonaviy ko‘rinishda, yangi texnologiyalar asosida mutaxassislarimiz tomonidan barpo etilibdi.
Bunday ulkan ishlarni amalga oshirish biz uchun orzu bo‘lib o‘tdi. Qarangki, qudratli zavodlarni qurish baxti bugungi avlodga nasib etdi. Bundan faqat faxrlanish kerak. Boshqaruv to‘la axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan. Har bir jarayon monitorlarda kaftdek aks etib turibdi.


Dunyoga mashhur “Muruntov” konidagi keng ko‘lamli ishlarga qarang. Mana sizga haqiqiy rivojlanish, taraqqiyot, yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning mevasi, kombinatning qo‘lga kiritayotgan yutuqlari. Yana bir gap. Bir yarim ming kishiga mo‘ljallangan Ishchilar shaharchasiga bordik. Hududga kirib borar ekansiz, cho‘l bag‘rida yashnab turgan maskan tarovatidan bahru dilingiz yayraydi.
Oldinlari bunday imkoniyatlar qayerda edi, deysiz. Biz ishlagan va hozirgi davr orasida osmon bilan yercha farq bor. Qoyil qolish kerak. Eng muhimi, kombinat rahbariyati biz uchun nihoyatda mazmunli sayohatni uyushtirib berdi. Bundan cheksiz mamnunmiz. Tashkilotchilarga rahmat, – deydi safar taassurotlaridan quvonchini yashira olmay Hamdam Ibragimov.
Sayohatchilar uchun tashkil etilgan bir piyola choy ustida uch avlod vakillarining gurungi yanada qo‘r oldi.
Dildora KARIMOVA,
Markaziy kon boshqarmasi axborot xizmati muharriri, O‘zA