Mehnat faxriylari askarlar huzurida
Surxondaryo viloyatida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab harbiy qismlar, ta’lim muassasalari va mahallalarda keksa avlod vakillari bilan uchrashuv, davra suhbatlari va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Mudofaa vazirligining Xayrobod garnizoniga qarashli harbiy qismda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda dastlab tuman hokimi Ilhom Abrorov muddatli harbiy xizmat burchini sharaf bilan o‘tayotgan askarlarni Xotira va qadrlash kuni bilan tabriklab, Ikkinchi jahon urushi va uning oqibatlari, mard, qo‘rqmas ajdodlarimizning jang maydonlarida ko‘rsatgan jasoratlari, front ortidagi mardonavor mehnatlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Ularning xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltirish bugungi avlod uchun sharafli burch ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda mehnat faxriysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Yazzan Hayitqulov bolalik, yoshlik davrlarini yodga olib, bugungi tinch, to‘kin hayot bilan qiyosladi. Urushdan keyingi tiklanish yillarida ko‘rgan-kechirganlari, ocharchilik yillaridagi qiyinchiliklar to‘g‘risida so‘zlab berdi. O‘tgan asrda Vatandan yiroqda muddatli harbiy xizmatni o‘tashdagi qiyinchiliklar va mustaqillik yoshlariga yigitlik burchini bajarishda yaratilgan sharoitlarga ham e’tibor qaratdi.

O‘tmish xotiralariga boy bo‘lgan uchrashuv yakunida mehmonlar harbiy qism hayoti bilan yaqindan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri