Mehnat daftarchasi o‘z vaqtida qaytarilmasa...
Navoiy shahrida yashovchi Shohruh Yodgorov Karmana tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga dispetcher bo‘lib ishga kirganidan juda xursand bo‘lgandi. Afsuski, uning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi.
Unga nisbatan mutasaddilarning “ishsizlarni ishga joylashtirdik” qabilida ish tutilganidan juda og‘rindi. Chunki ishsiz insonning o‘ziga va qobiliyatiga bo‘lgan umidi so‘nadi. U hatto 3 oy ham ishlamadi.
Sh.Yodgorov 2021 yilning 9 dekabridan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi 8-harbiylashtirilgan yong‘in qutqaruv qismiga navbatchi dispetcher vazifasiga ishga kirgan va 2022 yilning 1 martidan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Biroq negadir tashkilot fuqaro Shohruh Yodgorovga mehnat daftarchasini qaytarib bermaydi. Murojaati ham befoyda. 6 oy deganda qo‘liga mehnat daftarchasini oldi. Shunda fuqaro mehnat munosabatlaridagi adolatsizlikka chek qo‘yish uchun Navoiy shahar adliya bo‘limidan huquqiy yordam so‘radi.
Navoiy shahar adliya bo‘limi tomonidan fuqaro manfaatiga javobgar Navoiy viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan ish haqi va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudiga ariza bilan murojaat qildi.
Sud esa fuqaroga 6 oy davomida mehnat daftarchasini bermagani Karmana tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limidan majburiy progul tufayli da’vogar foydasiga 10 million 868 ming so‘m miqdorida kompensatsiya pullari va 1 million so‘m ma’naviy zarar undirish to‘g‘risida qaror chiqardi.
Sud ishida Navoiy viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining mehnat munosabatlariga mas’ul xodimlari ishtirok etmadi. Biroq fuqaro haqiqat qaror topganidan mamnun.
Agar sizning mehnat daftarchangiz ish joyingizdan qaytarib berilmasa, olishning qonuniy yo‘li bor. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 108-moddasida mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini berishi shartligi ko‘rsatilgan. Yo‘qsa, mazkur kodeksning 275-moddasi bilan majburiy progul vaqti uchun haq to‘laydi. Xuddi Karmana tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi singari...
Shirinbek Ochilov
Navoiy shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.
O‘zA