Mehmonlarga gullar tutar ahli Namangan
Gullarga burkangan avtoparad bilan Namangan shahrida har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinadigan 63-xalqaro gullar festivali tantanalari boshlandi.
Gullar shahri nomi bilan yetti iqlimda dovrug‘i taralgan azim Namanganda go‘zallik va nafosat, qadriyat va muhabbat, hurmat-u ehtirom ramzi sanalgan gullarga alohida mehr qo‘yilgan. Bahor fasli kirib kelishi bilan gulchilar ushbu bayram tadorigiga kirishadi. Ko‘tarinki kayfiyat, shod-u xurramlik, orastalik va fayz-u barakotning muhim omili sifatida har bir ko‘cha, xiyobon, xonadonlargacha chamanzorga burkanadi. Har bir hovli gullar bilan bezatiladi, maxsus tuvaklar va gulzorlarda turfa xildagi gul navlari yetishtiriladi.
Navbatdagi xalqaro gullar festivali tantanalari viloyatning havo darvozasi – Namangan xalqaro aeroporti hududidan gullar avtoparadi bilan boshlandi. Unda davlatimiz bayrog‘i bilan bezatilgan yengil avtomobillar, yuk mashinalari, kombayn, traktor, hatto avtokrangacha anvoyi gullarga burkangan 200 dan ortiq transport vositasidan iborat mashinalar karvoni Islom Karimov shoh ko‘chasidan Temir yo‘l vokzali aylanma yo‘li – Amir Temur – Nodim Namangoniy ko‘chalari bo‘ylab harakatlandi. Ayniqsa, turli xil retro mashinalar aholida katta qiziqish uyg‘otdi.
Gullar diyorida avtoparad o‘tkazilishining zamirida. eng avvalo, Yangi O‘zbekistonda hukm surayotgan odilona siyosat samarasida tinchlik va osudalikning bardavomligi mujassam. Bizning tinchliksevar mamlakatimiz tinchlik va nafosat ramzi - gullar avtoparadi orqali go‘zallikni butun jahonga tarannum etayotgani e’tirofga molik.
[gallery-17492]
Ta’kidlash joizki, bu galgi gullar bayramining asosiy tantanalari bo‘lib o‘tadigan Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i, "Afsonalar vodiysi" tematik parki hamda yangitdan barpo qilinayotgan "Yangi O‘zbekiston bog‘i"da qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi.
Ushbu muazzam maskanlarda yosh-u keksani birdek o‘ziga ohangrabodek jalb etadigan 65 turdagi 30 milliondan ortiq gul ekilgan bo‘lsa, Namangan shahri bo‘ylab o‘tqazilgan gullar 45 milliondan oshdi. Demakki, hududning gulchiligi, madaniyatining uzoq o‘tmishini o‘zida aks ettiruvchi ochiq osmon ostidagi muzey yuzaga keldi.
Festivalning asosiy gul kompozitsiyalari namoyish qilinayotgan Bobur bog‘iga qadam tashlashingiz bilan atrof go‘zalligidan ko‘nglingiz huzurga, yuzingiz nurga to‘ladi. Yuzdan ortiq tashkilot va muassasalar o‘ziga biriktirilgan joyni gulzorga to‘ldirishdi, idorasining salohiyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibotni kuchaytirishga e’tibor qaratdi. Qolaversa, dunyoning ellikka yaqin davlatlariga taklifnomalar jo‘natilganligini nazarda tutgan holda, dunyoning yetti mo‘jizasi siymosi gul va boshqa vositalar orqali aks ettirildi. Ayniqsa, boburiylar qurdirgan Hindistondagi Tojmahal maqbarasi, Misr piramidalari-yu Eyfal minorasigacha bo‘lgan maketlar gul kompozitsiyalari bilan bezatilgani mehmonlarni o‘ziga birdek rom etmoqda.
Odatda an’anaviy gullar bayramida asosan mahalliy va respublikamizning boshqa viloyatlaridan havkaskor gulchilar ishtirok etib, yig‘ilganlarni nafosat ifori bilan mahliyo etishardi. Endilikda ular safiga xorijiy qatnashchilar ham qo‘shildi. 63-xalqaro gullar festivalida Qirg‘iz Respublikasi, Koreya Respublikasi, Ozarbayjon, Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston mamlakatlari uchun maxsus joy ajratildiki, unda siz bir qator yangi va o‘zgacha ifordagi gullardan bahramand bo‘lishingiz mumkin.
E’tiborlisi shundaki, gullar avtoparadi yo‘lga chiqqan bir paytning o‘zida Bobur bog‘i yonginasida go‘zallik va nafosat ayyomining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov yig‘ilganlarni naqd qirq kun davom etadigan festivalning rang-barang dasturlaridan miriqib hordiq chiqarishga chorladi.
-Go‘zallikka oshufta dillarni o‘ziga rom etayotgan ardoqli bayram yillar davomida takomil topib, Namanganning tashrif qog‘oziga aylanib ulgurdi,-- deydi viloyat hokimi o‘z so‘zida.--Dunyoning har burchidan kelgan mehmonlar nigohiga nafaqat gullar hayrati, balki, chinakam bayram zavqini ulashayotganimizdan mamnunmiz.
Tantanali ochilish marosimida martabali mehmonlar – Pokiston Islom Respublikasining Panjob viloyati gubernatori Muhammad Sarvar Chaudxri, Qatar davlatining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Hasan Hamza Xoshim, Bolgariyaning O‘zbekistondagi elchisi Stuyuna Rusinova, Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod va O‘sh, Tojikistonning So‘g‘d viloyatlari rasmiy doiralari vakillaridan iborat delegatsiyalari vakillari hozir bo‘lishdi. Shuningdek, festivalda Xitoy, Koreya, AQSH, Yaponiya, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Turkiya kabi o‘ndan ortiq hamkor davlatlardan investorlar hamda turizm mutasaddilari ham Namanganga tashrif buyurishdi.
Darvoqe, xalqaro gullar festivalini keng targ‘ib etish uchun taklif qilingan Eron, Tojikiston, Rossiya Federatsiyasi, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi singari jahonning o‘ndan ortiq mamlakatlarining yetakchi ommaviy axborot vositalari xodimlari va taniqli blogerlar Namanganga kelib, jarayonlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritib bormoqda.
---Bizning mamlakatimizda ham gullar bayramiga o‘xshash festival o‘tkazilishi sababli O‘zbekistonda qanday o‘tishi bilan qiziqib, Namanganga keldik,-- deydi Yaponiyaning Xirosima shahridan tashrif buyurgan turist Kio Kaneda. – Ochig‘i, ko‘rib hayratlandik. Gul bayramidagi go‘zal muhit yurtingizdagi tinchlik va farovonlikning yaqqol ko‘rinishidir. Bizda gul bayramida faqat avtomobillar qatnashadi va ularning gullarga burkangan namoyishi bo‘ladi, xolos. Namangandagi festival shukuhi esa o‘zgacha. Milliylik ufurib turadigan gullar bayramida millatlararo bag‘rikenlikka ham e’tibor qaratilibdi. Bunga boshqa davlatlarning ishtiroki misolida amin bo‘ldik. Shu boisdan ham biz Namangan va Xirosima o‘rtasida madaniy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldik.
--O‘zbekiston poytaxtida qurilish va me’morchilik sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelamiz. Faoliyat qamrovimizni kengaytirish, qolaversa, go‘zallikdan bahramand bo‘lish maqsadida Namangandagi gullar bayramiga oshiqdik,--deydi Turkiya jumhuriyatining “Yedi yildiz” shirkati rahbari Hasan Yedi Yildiz. – Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bo‘lganman, ammo shuni aytishim kerakki vodiydagi Gullar festivali shukuhini birorta davlatdagi anjumanlarda ko‘rganim yo‘q.
Namanganlik gulchilarning bilimdonligi va omilkorligiga havas qildim. Agarda gulchilik yanada taraqqiy ettirilsa, bundan manaman degan davlatlar ibrat olishi aniq.
--Azaldan bir ariqdan suv ichib kelgan, dili va dini bir o‘zbek va qirg‘iz xalqlarini bog‘lovchi chegaralar ochilgani qondosh ikki elni bir-biriga yanada yaqinlashtirdi. Ikki davlat yetakchilari, ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovichdan minnatdormiz,--deydi Qirg‘iz Respublikasining O‘sh viloyatidan kelgan sayyoh Nilufar Saidova. – Boisi, turizmga keng yo‘l berilayotgani natijasida “Mundis-turist” firmasi orqali o‘ttizdan ortiq kishi gullar bayramidan zavq oldik. Ayniqsa, bir-birini takrorlamaydigan anvoyi gullarga to‘lgan turnaqator avtoulovlar paradi insonlarga shodlik ulashmoqda.
Uyimizga qaytgach, taassurotlarimizni do‘st-u yaqinlarimizga ulashamiz, ularni ham Namangandagi gullar festivaliga chorlaymiz.
Chinakamiga go‘zallik va nafosat tarovatini ulashadigan, dillarga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydigan, yurtimizdagi gulchilik an’analarini, qolaversa, Namangan viloyati shahar va tumanlarining sayyohlik salohiyatini oshirish, investitsiya jozibadorligini keng targ‘ib etish hamda ichki va tashqi turizm rivojida muhim ahamiyat kasb etadigan 63-an’anaviy xalqaro gullar festivali tadbirlari 23-iyunga qadar davom etadi. Bayramda faol qatnashadigan gulchilar va tashkilotlar qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, avtomobillar bilan mukofotlanadi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari