Media sohaga oid dolzarb masalalar tahlil etildi
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida bosma ommaviy axborot vositalari rahbar va xodimlari, bosh muharrirlar, mas’ul mutasaddilar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Videokonferensaloqa tizimi orqali gibrid formatda tashkil etilgan ushbu muloqotda respublikamiz hududlaridagi mahalliy nashrlar tahririyatlari vakillari ham onlayn tarzda qatnashdi.
Jonli, samimiy va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tgan muloqot davomida O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi, taniqli ijodkor Shuhrat Oripov so‘nggi yillarda mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi rolini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidladi.
Muloqot davomida e’tirof etilganidek, yurtimizda media makonni modernizatsiya qilish va milliy kontent sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan huquqiy kafolatlar tobora kengaytirilmoqda.
Milliy mass-media sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali axborotni aholiga tezkor va sifatli yetkazib berish tizimi sezilarli darajada yaxshilandi.
Zamonaviy jurnalistika talablariga javob beradigan yosh va iste’dodli kadrlarni tayyorlash, ularning xorijda tajriba oshirishini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilyapti.
[gallery-30358]
Davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari faoliyati tubdan jonlanib, ularning ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik bilan ochiq muloqoti yo‘lga qo‘yildi. Mahalliy nashrlar va telekanallarda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni ochiq muhokama qilish, tahliliy va tanqidiy materiallar tayyorlash amaliyoti kengaymoqda.
Axborot sohasini tartibga soluvchi qonunchilik bazasi zamon talablari asosida takomillashtirilib, soha vakillari uchun erkin ijodiy muhit yaratilmoqda. Internet jurnalistikasi va blogsferaning rivojlanishi fuqarolik jamiyati instituti sifatida jamoatchilik nazoratining kuchayishiga xizmat qilyapti.
Mahalliy media mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish orqali milliy qadriyatlarimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib etish imkoniyatlari kengaymoqda.
Uchrashuv zamonaviy matbuotni rivojlantirish hamda soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlashning keng qamrovli masalalariga bag‘ishlangani bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Xususan, davra suhbatida davlatimiz rahbarining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida belgilangan ustuvor vazifalarga alohida urg‘u berildi. Prezidentimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, mehnatini rag‘batlantirish, sog‘lig‘ini mustahkamlash va yashash sharoitlarini yaxshilash zarurligini ta’kidlagan edi.
Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti tomonidan yangi kompleks konsepsiya – normativ hujjat loyihasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida qator masalalarni o‘rganish maqsad qilingan. Jumladan, OAV faoliyatini rivojlantirishda ular oldidagi muammolarni aniqlash, jurnalistlarning huquqiy va ijtimoiy himoyasi bo‘yicha zamonaviy mexanizmlarni yaratish, kadr tayyorlashda fundamental ta’lim modellarini joriy etish, tizimli malaka oshirishni yo‘lga qo‘yish va yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy faoliyatni rag‘batlantirish, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, jurnalistlar uchun Uyushmaning o‘rni va ahamiyatini oshirish nazarda tutilgan.
Bu boradagi normativ hujjat loyihasi faqat bir tashkilotning qarashi va nuqtai nazari emas, balki jurnalistlarning o‘zlari bildirgan fikr va takliflar asosida shakllanishi muhim ahamiyatga ega. Chunki sohani eng yaxshi biladigan ham, uning og‘riqli nuqtalarini eng yaxshi his qiladigan ham aynan soha vakillarining o‘zlari hisoblanadi.
Bugungi uchrashuv aynan shu maqsadda tashkil etildi.
Davra suhbati ishtirokchilari bosma ommaviy axborot vositalari auditoriyasini kengaytirish, kontent sifatini yaxshilash, raqamli platformalar bilan integratsiyalashuv, tahririyatlar duch kelayotgan real qiyinchiliklar va ularning yechimlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi.
Ushbu takliflar asosida ishlab chiqiladigan chora-tadbirlar kelgusida jurnalistlar manfaatiga xizmat qiladigan va mamlakatimiz media makonini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shadigan tizim yaratishga xizmat qilishi shubhasiz.
Bunday muloqotlar tizimli davom ettirilib, navbatdagi bosqichlarda internet-nashrlar vakillari, blogerlar va mustaqil media ekspertlar ishtirokida muhokamalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari