“Media haftalik” Qoraqalpog‘istondan boshlandi
Mamlakatimizda yilning eng yirik va muhim ta’limiy-amaliy loyihasi – jurnalistlar, blogerlar va matbuot kotiblarini yagona platformada birlashtiruvchi “Media haftalik” o‘z ishini boshladi.
Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida haftalikning dastlabki kuni ekspertlarning trening maqsadi va vazifalari, O‘zbekiston bosma mediadagi kontent: amaliyot, muammo va yechim, operator – material hammuallifi sifatida mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Mashg‘ulotlar telejurnalistlar, bosma nashrlar, blogerlar va davlat idoralari matbuot kotiblari uchun alohida yo‘nalishlarda o‘tkazilmoqda.
Dasturda nazariya va amaliyot birlashib, asosiy urg‘u haqiqiy tajriba orttirishga qaratiladi. Mamlakatimizning eng yetakchi media-ekspertlari, muharrir va prodyuserlari ishtirokida kontent yaratish, faktcheking, raqamli gigiyena, SMM va strategik kommunikatsiyalar kabi muhim mavzular bo‘yicha treninglar olib borilmoqda.
Jumladan, darslar davomida ishtirokchilar real keyslar asosida ishlash, xatolarni tahlil qilish, yangi yondashuvlarni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Spikerlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, zamonaviy media rivojining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar bermoqda. Bilimlarini oshirgan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi. Haftalik yakunida hududdagi soha vakillarini qamrab oluvchi yirik Media forum tashkil etiladi.
[gallery-28444]
Ta’kidlash joizki, global axborot makonidagi shiddatli o‘zgarishlar, ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellektning rivojlanishi, feyk xabarlar oqimi media sohasi vakillaridan mutlaqo yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. Kontent markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yo‘lga qo‘yilayotgan mazkur loyiha doirasida joriy yilning 26-iyuniga qadar har bir hududda besh kunlik intensiv o‘quv-seminari va mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.