MDHda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat qanday?
Rossiyada bir sutkada to‘qqiz mingga yaqin bemor aniqlangan, 11 mingga yaqin bemor tuzalib chiqdi. Tezkor shtabning 18 mart uchun bergan ma’lumotida ushbu raqamlar keltirilgan. Umuman MDHga a’zo mamlakatlarda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qandayligi haqida «MIR 24» shunday xabarni beradi.
Qozog‘iston
Nur-Sultonda karantin kuchaytirilmoqda. Poytaxtning sanitariya bo‘yicha bosh vrachi shu haqdagi farmoyishni imzoladi. Ertadan boshlab barcha kompaniyalar o‘zining 80 foiz xodimini masofadan turib ishlashga o‘tkazishi kerak. Qozog‘istonda koronavirus bilan kasallanganlar soni ko‘payishda davom etmoqda. Oxirgi kunda infeksiya yuqtirgan 1 ming 82 ta bemor aniqlangan. Infeksiya yuqtirganlar soni bo‘yicha Olmaota, Nur-Sulton va Qarag‘anda viloyati oldinda bormoqda.
Armaniston
Armaniston hukumati niqob taqish rejimini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Politsiyachilar doimiy ravishda do‘konlar, restoranlar va kafelarga reyd uyushtiradi. Xavfsizlik tartibini buzganlar 250 dollardan 900 dollargacha jarimaga tortiladi. Lekin maktablarda hozircha ushbu tartib joriy qilinmayapti. Mashg‘ulotlar barcha epidemiologik qoidalarga amal qilingan holda an’anaviy tarzda olib boriladi. Kecha respublikada koronavirusga chalingan 854 bemor aniqlandi. Mart oyi boshida ushbu ko‘rsatkich ikki barobar past edi.
Moldova
Moldova koronavirus kasalligidan vafot etganlar soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi. Oxirgi haftada o‘lim holatlari 30 foizga ortgan. Ayniqsa, poytaxt Kishinyov shahrida ahvol yomon. Bu shahar pandemiya boshlangandan buyon “qizil” hududdan chiqmadi. Vaksinatsiya hozircha faqat tibbiy xodimlar orasida amalga oshirilmoqda. Virus tarqalishini to‘xtatish uchun esa mamlakat aholisining 70 foizi emlanishi kerak.
Ozarbayjon
Bokudagi ikkita maktab koronavirusga chalinish ko‘paygani bois karantin rejimiga o‘tdi. Infeksiyu maktab o‘qituvchilarida aniqlangan. Endi ushbu o‘quv muassasasi ikki hafta davomida masofadan turib ishlaydi. O‘qituvchilarni emlash davom etmoqda. Ozarbayjonda faqat yoshi 50 dan oshgan pedagoglar emlanmoqda.
Belarus
Belarusda “britancha” shtamm tufayli qo‘shimcha epidemiologik choralar ko‘rilmaydi. Bundan avvalroq, “britancha” shtamm Ukraina, Polsha va Misrdan kelgan fuqarolarda qayd qilingan edi. Belarus shifokorlarining ta’kidlashicha, kasallikdan yoki emlashdan keyin paydo bo‘lgan antitanacha “britancha” shtammga qarshi ham samara beradi.