MDH tashqi ishlar vazirlari Turkmanistonda to‘plandi
Bugun Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi siyosati idorasi rahbari Baxtiyor Saidov o‘zining telegram kanalida ma’lum qildi.

– Tor va keng doirada bo‘lib o‘tgan muloqotlarimiz davomida hamkasblarimiz bilan xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar, shuningdek, MDH doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashdik. MDH Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalarini batafsil muhokama qildik, - deb yozdi u o‘z sahifasida.

Ta’kidlanishicha, yig‘inlarda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, samarali transport va logistika zanjirlarini shakllantirish, gumanitar va yoshlar almashinuvlarini faollashtirish, raqamli hamkorlikni rivojlantirish hamda zamonaviy xavfsizlik tahdidlariga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha qator tashabbus va takliflar ilgari surilgan.
O‘.Alimov, O‘zA