MDH Tashqi ishlar vazirlari Moskvada to‘plandi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Moskvada bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, yig‘inda qo‘shma sa’y-harakatlar natijalari sarhisob qilinib, uzoq muddatli istiqbol uchun aniq rejalar va ustuvor yo‘nalishlar belgilab olingan. Shuningdek, joriy yil oktabr oyida Turkmanistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan MDH Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari ham batafsil muhokama qilingan.

– Mazmunli muzokaralar davomida hamkasblarimiz bilan ko‘p tomonlama sheriklikni har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan 10 ta qarorni kelishib oldik va qabul qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram kanalida. – Ushbu hujjatlar davlatlarimiz o‘rtasidagi yaqinlikni yanada kuchaytirish, barqarorlikni ta’minlash hamda MDH makonida izchil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonamiz.

Shuningdek, safar davomida vazirimiz “Markaziy Osiyo + Rossiya” formatida tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ham ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya vakillari olti tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni muhokama qilishdi. Xususan, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ekologik muammolarni hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qolaversa, “yashil” energetika, suv resurslaridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi yo‘nalishlarga urg‘u berildi. Xalqaro vaziyatning beqarorligi ortib borayotgan sharoitda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashning ahamiyati hamda barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

– Biz konstruktiv ruhda o‘tgan muloqotlarni yuqori baholaymiz va bu kelishuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonamiz, – deya xulosa qiladi B.Saidov o‘z ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
O‘tkir Alimov, O‘zA